Narpay tumaniga yangi hokim tasdiqlandi
Avvalgi hokim Sherzod Rahmonov boshqa ishga oʻtayotgani sabab lavozimdan ozod etilgan.

Sherbek Boʻronov Narpay tumani hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi xabar berdi.
Narpay tumanida oʻtkazilayotgan xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala koʻrildi.
2020 yildan buyon tumanga rahbarlik qilib kelgan Rahmonov Sherzod Shuhratovich boshqa ishga oʻtayotganligi bois tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.
Sessiyada deputatlar tomonidan Buranov Sherbek Erkinovich nomzodi Narpay tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Sherbek Buranov 1985 yilda Samarqand viloyati, Narpay tumanida tugʻilgan. 2003 yildan boshlab bank tizimida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2021 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining aʼzosi.