Eron muhim siyosiy tadbir arafasida

28 iyun kuni Eronda navbatdan tashqari prezident saylovlari boʻlib oʻtadi. Unda jami olti nafar nomzod qatnashadi. 

Jahon
26-iyun, 14:05
Eron muhim siyosiy tadbir arafasida

Eron muhim siyosiy tadbirda tayyorgarlik koʻryapti. 28 iyunda mamlakatda muddatidan oldin prezident saylovlari oʻtkaziladi. 

Aslida tayyogarlik ishlari Eronning 8-prezidenti Ibrohim Raisiy shu yilning 19 may kuni aviahalokatga uchraganidan bir hafta oʻtar-oʻtmas boshlangan edi. Jumladan, 30 maydan 3 iyunga qadar nomzodlar roʻyxatga olindi. 12 iyunda esa saylovoldi targʻibot kampaniyasiga start berildi. Kampaniya saylovdan bir kun oldin, yaʼni 27 iyun kuni ertalab toʻxtatiladi. 

Eron Konstitutsiyasining 131-moddasiga muvofiq uyushtirilayotgan ushbu saylovlarning qanday natija bilan yakunlanishi nafaqat siyosatchilar, balki mamlakat ahlini ham qiziqtiradi. Ayni paytda Eronda aholining siyosatga qiziqishi mamlakat tarixida inqilob davrini hisobga olmaganda anchayin yuqori. 

Umid eng oxirida oʻladi...

Siyosatga qiziqish, bir jihatdan Eron xalqining jahondagi oʻzgarishlarni kuzatgan holda mamlakat ichki va hatto tashqi siyosatida ham oʻzgarishlarga ehtiyoj sezayotgani bilan bogʻliq. Xususan, ayollarning huquqiy ahvolini va umuman inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash hamda diniy islohotlarga ehtiyoj bugun paydo boʻlib qolmagan. 

Birgina misol, shialarda mutʼa – vaqtinchalik (hatto 1 soatlik – tahr.) nikohga ruxsat berilgani bois, yosh-yosh qizchalarni ham “qonuniy” fohishalikka majburlash avj olgan. Hatto shialarda muqaddas hisoblangan Karbalo shahrida koʻchalarda ochilgan “nikoh idoralari” aslida odam savdosi va fohishabozlik uyalariga aylangan. Bunday “idora” xodimlari amalda qoʻshmachi rolini bajarib, potensial mijozlarga va xorijliklarga “1 soatli xotin” yoki “lazzat nikohi” taklif qilib yuradi. Iqtisodiy jihatdan qiynalgan ayollar va oilalar esa 3-4 tanga umidida bunday “mutʼatchi biznes guruhlar”ga qizlarini berib qoʻyishga majbur boʻlmoqda. Xullas, Eronda ayollar va bolalar - huquqlari eng koʻp toptilayotgan ijtimoiy qatlam sifatida qolmoqda. 

Kurd millatiga mansub 22 yashar eronlik Maxsa Aminiyning 2022 yil 16 sentabr kuni politsiya tomonidan oʻldirilgani haqidagi xabarlar esa xalq sabr kosasini toʻldirdi, qalblarni junbushga soldi. Mamlakatda norozilik namoyishlari va politsiya bilan toʻqnashuvlar yuz berdi. Odamlar oʻldi. Eron fuqarolar urushi girdobiga tortilishiga bir bahya qoldi. Qolaversa, yadro dasturi tufayli kelib chiqqan xalqaro ihotalanish va sanksiyalar milliy iqtisodiyot ahvoli va ijtimoiy siyosatiga salbiy taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Mamlakatda ishsizlik, inflyatsiya va korrupsiya kuchaymoqda. Xususan, joriy yilda inflyatsiya 2023 yilga nisbatan 40,8 foizga oshgan. Bunday sharoitda xalq siyosiy oʻzgarishlarni intiqlik bilan kutishi tabiiy. 

Ehtimoliy prezidentlar

Eronda saylovlarda qatnashuvchi nomzodlarni roʻyxatga olish jarayoni (30 may-3 iyun) ancha shov-shuvlar bilan boshlanib, munozaralar va noroziliklar bilan yakunlandi. Besh kun ichida qariyb 80 nomzod roʻyxatga olingan. 

Dyayerli kutilmagan voqea va demokratik qatlamni xushnud qilgan holat – 4 ayolning nomzodlik uchun ariza bergani boʻldi. Zuhra Ilohiyon (56 yosh), Sayyida Hamida Zarabodiy (45 yosh), Hojar Chinoroniy (45 yosh) va Rafat Bayyat (66 yosh) – Eron parlamenti - Majlisning sobiq deputatlaridir. Toʻgʻri, keyinchalik Zuhra Ilohiyon arizasini qaytarib olib, saylovlarda qatnashish fikridan qaytganini eʼlon qildi.

Shu yilning 4 iyunidan 10 iyunigacha esa Islom inqilobi qoʻriqchilarining maxsus guruhi bu va boshqa nomzodlarni “munosibligini aniqlash” maqsadida tekshiruvdan oʻtkazib, 11 iyunda oʻz xulosalarini eʼlon qildi. 

Afsuski bu ayollarning birortasi ham yakuniy roʻyxatga tushmadi. Eng qizigʻi, halol va qatʼiyatli prezident sifatida (2005-2013) tarixda qolgan Mahmud Ahmadi Najod (67 yoshda) ham shia inqilobi qoʻriqchilarining “chigʻirigʻidan” oʻtkazilmadi. “Maqbulchilar” nomzodlarni nega rad etganini tushuntirishga majbur emas. Biroq, taxminlarga koʻra, nomzodlarning Eronning amaldagi hukumatiga qanchalik sadoqatli ekani, yanada aniqroq aytilsa, Oyatullohga qanchalik yoqishi inobatga olinadi. 

Natijada faqat quyidagi shaxslarga prezident saylovlarida ishtirok etishga ruxsat berildi:

•  Muhammad Boqir Qolibof — parlament spikeri, Tehronning sobiq hokimi, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Harbiy havo kuchlarining sobiq qoʻmondoni.

•  Said Jaliliy — Maqbullik kengashi aʼzosi, yadro dasturi boʻyicha sobiq bosh muzokarachi.

•   Ali Rizo Zokoniy — Tehron hokimi.

•   Masʼud Pezeshkiyon — parlament deputati.

•   Mustafo Purmuhammadiy – sobiq Ichki ishlar va adliya vaziri.

•   Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy — Shahidlar va veteranlar ishi boʻyicha boʻyicha Fond rahbari.

Nomzodlar saylovoldi bahslarida Erondagi iqtisodiy muammolar uchun hukumatni ayblashdi. Deyarli barcha nomzodlar sanksiyalarni bekor qildirishga erishish, siyosiy-iqtisodiy islohotlar oʻtkazish, turizmni rivojlantirish, tibbiyot sohasi xodimlarining maoshlarini hamda  Taʼlim vazirligi byudjetini oshrishi va boshqa ulkan va ezgu oʻzgarishlarni vaʼda qilishdi. 

“Sevimli” nomzodlar

Albatta har qanday saylovda favoritlar boʻladi. Bu safargi siyosiy kurashlarda nomzodlardan faqat Qolibof va Jaliliy ehtimoliy gʻoliblar sifatida koʻrilmoqda. Ularning ikkovi ham konservatorlardir.

Lekin Qolibov anchayin moʻʼtadil siyosiy qarashlarga ega. 

Jaliliy esa eski anʼanalar va Oyatulloh “chizib bergan” siyosiy kursning har bir nuqtasiga amal qilishga urinishi bilan mashhur. U prezident boʻlsa, oʻta qattiqqoʻl siyosat yuritishi va inson huquqlari borasidagi barcha orzularga barham berishi kutilmoqda. Qolaversa, Jaliliy Eron siyosiy elitasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. U oliy rahbar Oyatulloh Homanai va Inqilob qoʻriqchilari kopusi rahbariyati bilan juda yaqin. 

Qolibof esa texnokrat hisoblanadi. U ham Oyatulloh Homanai va Inqilob qoʻriqchilari korpusi bilan yaxshi munosabatda. Biroq ultrakonservativ oqim tarafdorlari uning prezident boʻlishini istamasligini OAV orqali ham ochiq aytmoqda.

Faqat birgina nomzod - Masʼud Pezeshkiyon islohotchi hisoblanadi. Pezeshkiyonning gʻolib boʻlishiga sabab boʻluvchi omillar bor. Avvalo u boshqa nomzodlar kabi elita bilan qalin doʻst boʻlmasa-da, biror-bir elita qatlamiga qarshi turmasligi bilan ham mashhur. 

Ikkinchidan esa Eron shimoli-gʻarbidagi millionlab etnik ozarbayjonlar Pezeshkiyonni qoʻllab-quvvatlashadi. 

Biroq Pezeshkiyonning prezident boʻla olmasligiga sabab boʻladigan omillar ham yetardi. Aholining saylovlarda qatnashish istagi oʻta pastligi shular jumlasidandir. 

Aniq, ammo umidsiz kelajak

Garchi Eron xalqi islohotlar va erkinliklarga umid bildiryotgan, siyosatga qiziqishi ortib borayotgan boʻlsada, yangi saylangan prezident mamlakat siyosatiga deyarli taʼsir koʻrsatmasligini juda yaxshi biladi. Bu yerda prezident - Oyatulloh siyosatining ijrochisi xolos. Qolaversa, nomzodlar ham Oyatulloh tanlab bergan siyosatchilardir. Shu bois kim prezident boʻlishidan qatʼi nazar, Eron siyosati va deyarli oʻzgarishsiz qoladi. Qanday prezident davlat tepasiga kelishining mamlakat va xalq uchun “issiq-sovugʻi” yoʻq, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu bois, ekspertlar saylovchilarning ovoz berish jarayonidagi ishtiroki oʻta sust boʻlishini prognoz qilishmoqda. Hukumatdan norozi, islohotlar oʻtkazilishiga umidi soʻngan eronliklar shunchaki saylovlarni boykot qiladi xolos. Xalq hech boʻlmasa shu yoʻl bilan tizimning legitimligiga zarba berishga urinadi. 

Bu borada “tajriba” ham bor: shu yil mart oyidagi parlamentiga saylovlarda ovoz berish huquqiga ega aholining atigi  41 foizi qatnashdi xolos. Bu mamlakat tarixidagi eng past koʻrsatkichdir. Qolaversa, hukumatga qarashli boʻlmagan OAVlar hozirdanoq aholini saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqda. Ularning yozishicha, bu saylovlar shunchaki koʻzboʻyamachilik uchun oʻtkazilmoqda va hech narsani oʻzgartirishga qodir emas. 

“Avgiy otxonalari”

Biroq yangi prezident uchun yetakchilik muddati barqaror va begʻam kechadi,  deyish qiyin. Eronning boʻlajak prezidenti shu paytga hal qilinmagan va hal etilishi gumon boʻlgan ulkan iqtisodiy muammolar bilan yuzma-yuz boʻladi. 

Buning ustiga, xalqaro ihotalanish, sanksiyalar, yadro dasturi muammolari ham oʻz yechimini kutmoqda.

Qolaversa, Isroilning Falastindagi urushi Eronni ham oʻta nozik tashqi siyosat yuritishga majburlaydi. Mabodo mamlakat Isroilga qarshi bevosita urushga tortilsa, iqtisodiy-moliyaviy muammolar mamlakatda bostirib boʻlmas isyonlarga ham sababchi boʻlishi mumkin. 

Yunon afsonalariga koʻra, Miken podshosi Yevrisfey Geraklga Avgiy otxonalarini koʻp yillab yigʻilib ketgan tezakdan tozalashni buyurgan ekan. Gerakl esa pul evaziga otxonalarni bir kunda tozalab berishni tashlashni vaʼda qilgan.

Gerakl yaqin atrofdagi daryodan ariq qazib kelib, otxona ichiga daryo suvini oqizgan va shu yoʻl bilan maqsadiga erishgan. 

Biroq Eronning yangi Prezidenti koʻp yillardan beri yigʻilib qolgan muammolarni hal qilish uchun oʻz daryosini topa oladimi yoʻqmi, bu rejasi samara beradimi, yoʻqmi, asosiy savol shunda. Lekin mavjud faktlar bu savolning javobi, katta ehtimol bilan “yoʻq” ekanligiga ishora qilmoqda. 

Demakki, saylovlarning natijasi deyarli oʻzgarish yasamaydi, yechim boʻla olmaydi. Avgiy otxonalari esa yana oʻz holicha qolaveradi, oʻz Geraklini kutishda davom etaveradi...

Ayni paytda esa Eronda saylovoldi kampaniyasi davom etmoqda. Agar 28 iyundagi saylovlarda birorta ham nomzod saylovchilarning qatʼiy va ishonchli qoʻllab quvvtalashiga erisha olmasa, 5 iyul kuni saylovlarning ikkinchi turi ham oʻtkazilishi mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+