platina.uz
Jamiyat

Orolboʻyida yuzlab ishsizlarning muammosi hal etildi

Qonlikoʻlda yuzdan ortiq murojaatchiga uy-joyi uchun mulk huquqini beruvchi kadastr hujjatlari topshirildi.

Orolboʻyida yuzlab ishsizlarning muammosi hal etildi

Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligidagi vazirlik-idoralar masʼullaridan iborat Respublika ishchi guruhining Qoraqalpogʻistondagi faoliyati davomida murojaatlar tahlili asosida tizimli masalalar aniqlanib, hal qilinyapti.

Bu borada ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar bandligini taʼminlash, daromadlarini oshirish, shu bilan birga, mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari qamrovini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Ishchi guruhining qisqa faoliyati davomida hozirgacha 535 nafar fuqaro bandligi taʼminlandi. Shundan, 241 nafari boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirilgan boʻlsa, Nukus shahri, Xoʻjayli, Boʻzatov tumanlarida 68 nafar murojaatchining oʻzini oʻzi band qilishiga koʻmaklashildi. Deylik, Prezident Xalq qabulxonasi, Vazirlar Kengashi, Nukus shahar sektorlari oʻrganishlaridan soʻng Nukus shahridagi 35 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari va boshqa ish anjomlari olib berildi. Endi ular oʻz mahallasidagi lider tadbirkorlarga biriktirilib, ishlab daromad topishi uchun tizim ham yaratiladi.

Yoki Qonlikoʻl tumanidagi oʻrganishlar natijasida yuzdan ortiq murojaatchiga uy-joyi uchun mulk huquqini beruvchi kadastr hujjatlari topshirildi. Bu bilan ularning bu boradagi 15 yillik muammosi hal qilindi.

Qonlikoʻl tumani “Navroʻz” ovul fuqarolar yigʻini aholisi esa anchadan beri yangi bolalar bogʻchasi qurib berish masalasida murojaat qilib kelardi. Bu boradagi oʻrganishlar, taklifga, soʻng loyihaga aylandi. Davlat rahbarining “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etishga oid ezgu tashabbusi ijrosi jarayonida bu masala ham tegishli dasturga kiritilib, mana, bugun ovulda zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Mazkur muassasa 80 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida bolajonlarga taʼlim-tarbiya berish uchun barcha sharoit yaratilgan. Asosiysi, bu bilan tumandagi maktabgacha taʼlim qamrovi 82 foizga yetkaziladi.

Qonlikoʻllik yoshlar bilan muloqotlar yagona Vatan – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga munosib hissa qoʻshish, yigit-qizlarning hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish kabi mavzularda kechdi. Maktablarni aʼlo baholarga tamomlagan 19 nafar bitiruvchiga oltin va kumush medallar topshirildi.

Respublika ishchi guruhining Orolboʻyidagi faoliyati davom etyapti.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid