Beshta viloyatda tarixiy yodgorliklarga 8,3 mlrd. soʻmlik zarar yetkazildi
Ushbu yodgorliklar hududiga issiqxona, hojatxona, mobil kompaniya antennasi va uy-joy qurib yuborilgan.

Besh viloyatdagi tarixiy yodgorliklarga 8,3 milliard soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura maʼlum qildi.
Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan birgalikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan nazorat tadbiri oʻtkazildi.
Hududlarda oʻtkazilgan tekshirishlarda qonun buzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklarini yoʻqotilishi oldi olindi, deyiladi xabarda.
Xususan:
– Qashqadaryoda “Kofirtepa-2” (VII – XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 m3, “Beshteraktepa”ning (IX – XII) 6 m3 hamda “Xontepa”ning (XI – XIII) 189 m3 qismi uy-joy;
– Jizzaxda “Tomoshotepa-2” (IV – V) yodgorligining 14 m3 qismi xojatxona hamda “Qoratepa”ning (V – VI) 30 m3 qismi issiqxona;
– Sirdaryoda “Hashartepa” (IX – XII) yodgorligining 6,4 m3 qismi xojatxona va xammom;
– Navoiyda “Gʻazgʻontepa” yodgorligining 16 m3 qismi mobil kompaniya antennasi, “Nonvoylartepa-2”ning 5,3 m3, “Kaltepa”ning (V – VIII) 23 m3 hamda “Yasiltepa”ning (III – XI) 20 m3 qismi xoʻjalik inshootlari;
– Toshkent viloyatida “Nomsiztepa-1” yodgorligining 15 m3 qismi xojatxona, “Nomsiztepa-2”ning 1,92 m3 qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.
Yuqoridagi jami 12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd. soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
