Markaziy bankka kiberxavfsizlik boʻyicha yangi vakolatlar berilmoqda
Senat maʼqullagan qonun kiberjinoyatlar oshib borayotgani fonida ishlab chiqilgan.

Markaziy bankka kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha vakolatlar beriladi.
Parlament yuqori palatasida koʻrib chiqilgan yangi qonunga muvofiq, milliy qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
Senatda koʻrib chiqilgan “Kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun milliy moliyaviy tizimga zamonaviy tahdidlarni inobatga olgan holda tayyorlangan.
Senatorlar taʼkidlashganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi munosabati bilan kredit tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlashga doir choralar darajasini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonunga muvofiq, asosan kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha Markaziy bankka qoʻshimcha vakolatlar berilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, “Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Bank siri toʻgʻrisida”gi, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid meʼyorlar kiritilmoqda.
Qonun bilan bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qonunchilik talablarining buzilganligi holati qoʻpol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilishi koʻzda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda, “Kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunda banklarning axborot tizimlari va resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlash va bank sirini muhofaza qilish kabi qoʻshimcha maqsadlar ham oʻz aksini topgan.
Senat aʼzolari qayd etishganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Senatdagi muhokamalar Qonunning maʼqullanishi bilan yakunlandi.