Dogʻistonda politsiya va jangarilar toʻqnashuvi: soʻnggi maʼlumotlar
Derbent va Mahachqalʼada nomaʼlum qurolli shaxslar cherkov va sinagogaga hujum uyushtirdi. Soʻngra ular politsiya bilan toʻqnashgan.

Dogʻistonning ikki shahrida jangarilar va politsiya oʻrtasida toʻqnashuvlar yuz berdi. Jumladan, avval Derbent shahrida nomaʼlum shaxslar pravoslav cherkovi va sinagogaga hujum qilgan.
Shuningdek, Dogʻiston markazi Mahachqalʼada jangarilar va kuchishlatar tizim vakillari oʻrtasida toʻqnashuvlar sodir boʻldi. Oqibatda jami toʻqqiz kishi (ulardan yetti nafari politsiyachilar) halok boʻlgan.
Hujumdan soʻng sinagogada yongʻin boshlandi.
Dogʻiston Jamoatchilik nazorati komissiyasi raisi Shamil Xadulayev Derbentdagi cherkovga uyushtirilgan hujum chogʻida ruhoniy halok boʻlganini maʼlum qildi. Unga koʻra, ruhoniy oʻldirilgan.
Maxachqalʼadagi yoʻl politsiyasi postiga va Derbentdagi diniy obidalarga qilingan hujumlar natijasida 6 nafar huquq-tartibot xodimi halok boʻldi, 12 nafari yaralandi. Toʻrt jangari ham yoʻq qilingan.
Milliy aksilterror qoʻmitasi Dogʻistonda Maxachqalʼa va Derbentda otishma sodir etganlarni qidirish va zararsizlantirish choralari koʻrilayotganini maʼlum qildi. Respublikada aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi.
Dogʻiston jamoatchilik nazorati komissiyasi raisi oʻrinbosari Shamil Xadulayev Maxachqalʼadagi cherkov yaqinida jang ketayotganini maʼlum qildi. Hujumchilar toʻsib qoʻyilgan va qurolli javob qaytarishgan.
Dogʻiston Ichki ishlar vazirligi Maxachqalʼadagi yoʻl politsiyasi postiga hujum qilgan ikki kishi oʻldirilgani haqida xabar berdi. Yana kamida ikki kishi "Beryozka" plyaji hududida hibsga olingan.
Rossiya Tergov qoʻmitasining mahalliy boʻlimi rahbariyati Derbent va Maxachqalʼaga yoʻl oldi. Terrorchilik moddasi boʻyicha jinoyat ishi ochilgan.
Dogʻiston rahbari Sergey Melikov Derbent va Maxachqalʼadagi hujumlarni "ijtimoiy vaziyatni beqarorlashtirishga urinish" deb atadi.