platina.uz
Jahon

Rossiyada urushga yollovchi idoralar roʻyxati kengaytirildi

IIV, FXX kabilar ham jinoiy ish ochilgan shaxslarni urushga joʻnatishi mumkin. Lekin terrorchilik, josuslik va davlatga xiyonat boʻyicha hukm qilinganlar bilan shartnoma tuzilmaydi. 

Rossiyada urushga yollovchi idoralar roʻyxati kengaytirildi

Rossiyadagi IIV, Federal Xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Federal bojxona va hatto Federal sud pristavlari (ijrochilari) xizmatiga jinoiy ish ochilgan shaxslarni urushga yollash huquqi berildi.

Hamma frontga!

Ukrainaga urush boshlanganidan beri jinoiy ish figurantlarini urushga yollash bilan faqat Rossiya Tergov qoʻmitasi shugʻullanayotgan edi. Endi bunga boshqa kuch ishlatar idoralar ham qoʻshildi.

Gumonlanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb etilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgach, koʻp hollarda ularga darrov urushga joʻnash taklifi beriladi. Agar shaxs rozi boʻlsa, u darhol eng yaqin harbiy komissariatga joʻnatiladi. Nomzodning yoshi va jismoniy holati tegishli talablarga javob bersa kifoya.

Tergov izolyatorlariga joylashtirilgan shaxslarni yollash esa shu idoralarning oʻzida boshlanadi. Ular rozi boʻlgach, avval harbiy komissariat, keyin esa u xizmat qilishi koʻzda tutilgan harbiy qism ixtiyoriga joʻnatiladi. Bunda albatta harbiy xizmat shartnomasi tuziladi.

Urushga borish taklifi beriladigan shaxslarga “jangovor harakatlarda ishtirok etish - nafaqat jazodan ozod qilishi, balki shaxsan unga va uning oila aʼzolariga turli imtiyoz va moddiy manfaat olish huquqini berishi” tushuntiriladi.

Rossiyalik advokat Aleksandr Pochuyevning aytishicha, bunday yangi askarlar “Shtorm” harbiy boʻlinmalari shaxsiy tarkibidan joy oladi. Reuters agentligining yozishicha, "Shtorm" "jarima batalonlari" harbiy xizmat evaziga gunohi avf etilishi vaʼda qilingan mahkumlar hamda intizom talablarini buzgan muntazam armiya askarlaridan tashkil topadi.

Eslatib oʻtish joiz, yaqin-yaqingacha Rossiya qonunchiligida sudlangan shaxslar, mahkumlar va tergov izolyatorlaridagi shaxslar bilan harbiy xizmat shartnomasi tuzish taqiqlangan edi. Biroq yaqinda Rossiya Davlat dumasi "Mobilizatsiya va mobilizatsion tayyorgarlik haqida"gi, "Harbiy majburiyat va harbiy xizmat haqida”gi, shuningdek, Jinoyat va jinoyatni ijro etish haqida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartirish kiritib, urush davrida mahkumlarni rus armiyasiga yollash yoʻlidagi bu toʻsiqni olib tashladi. Masalan, avvallari mahkumlarning harbiy hisobda turishi shart emas edi. Biroq yangi qonunchilikka koʻra bu “xatolik” ham “tuzatildi”.

Shunday boʻlsada, urushga yollanadigan mahkumlarga qoʻyiladigan cheklovlar ham mavjud. Voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan mahbuslar, shuningdek, terrorchilik, josuslik va davlatga xiyonat boʻyicha hukm qilinganlar bilan shartnoma tuzish mumkin emas. “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasinnig sobiq rahbari, marhum Yevgeniy Prigojin hayotligida bergan intervyularidan birida qamoqxona tushunchalari boʻyicha past kastaga tushirilganlar ham urushga jalb etilmasligini aytgan edi. Prigojin harbiy qismlarda tushunmovchilikka va oʻzaro maishiy janjallarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shunga qaror qilinganini bildirgan edi.

Bir oʻq bilan ikki quyon urilyapti

Ukrainaga urush ochgan Putin oldida boshqa muammolar qatorida muntazam askarlar topish muammosi turar edi. Ommaviy mobilizatsiya eʼlon qilinsa, mamlakatdan hamma qochib ketishi tayin. Urush boshlanganida deyarli 1 millionga yaqin harbiy xizmat yoshidagi fuqarolar xorijga chiqib ketgan edi. Shu bois Putin ham salaflari sinovidan oʻtgan usul – mahkumlarni urushga joʻnatishni yoʻlga qoʻydi. Shu bilan birga, ayrim maʼlumotlarga qaraganda aholi tarkibi rus boʻlmaganlar koʻpchilikni tashkil ejtuvchi mintaqalar – Dogʻiston va Buryatiya kabi hududlardan nisbatan koʻproq askar olinyapti. Frontdan kelayotgan 200-yuk – tobutlar ham ayni shu hududlar ulushida nisbatan koʻproq miqdorni tashkil etadi.

Ayrim taxminlarga koʻra, Kreml bu yoʻl bilan rus emas xalqlarni kamaytirib, milliy muvozanatni “sogʻlomlashtirish” hamda jinoyatchi unsurlardan qutulishni maqsad qilgan boʻlishi mumkin.

Mahkumlarni urushga joʻnatish hozircha ikkita katta natija beryapti. Avvalo urush tegirmonidan omon qaytishga muvaffaq boʻlgan sobiq mahkum veteranlar yana jinoyatlarga qoʻl urishmoqda. Ikkinchidan esa, qamoqxonalar boʻshab qolayotganidan yopilib ketmoqda.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Rossiya boʻylab qamoqxonalar tarkibi deyarli 200 ming mahbusga kamaygan. Jumladan, Krasnoyarsk oʻlkasi rahbariyati ham qamoqxonalar yopilayotganini tan olgan. Oʻlkaning inson huquqlari boʻyicha ombudsmani Mark Denisov buni “koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlar miqdori”ning kamaygani bilan izohlagan. Denisovning maʼlum qilishicha, Krasnoyarsk oʻlkasidagi 27 ta jazoni ijro etish muassasalarida 2024 yil 1 yanvar holatiga 12 530 nafar gumonlanuvchi, ayblanuvchi va mahkumlar saqlangan. Bir yil avval esa bu raqam 15 182 kishi edi. Yaʼni, bu muassasalarda saqlanayotgan shaxslar miqdori 17,5 foizga kamaygan.

BBC va "Mediazona" nashrlari oʻtkazgan jurnalistik surishtiruv natijasiga koʻra, faqatgina "Vagner" yollovchilari bu oʻlkadan 3000 ga yaqin mahbusni urushga joʻnatishga muvaffaq boʻlgan.

Biroq ombudsman Mark Denisov qamoqxonalarning mahbuslar kamaygani bois yopilayotganini maʼqullamasligini bildirgan.

"Maxsus harbiy operatsiya (Ukrainaga urushning Kreml talqinidagi shakli – tahr.) ertami-kechmi yakunlanadi, hammasi oʻz doirasiga qaytadi, lekin jamiyatning ijtimoiy tarkibi oʻzgarib ketmaydi. 5 yildan keyin biz qamoqxonalarda joy yetishmasligi bois mahbuslarning huquqlari buzilishi va mahkumlarni saqlash sharoitlari ogʻirlashuviga guvoh boʻlamiz. Va yana xarajat qilib, yangi qamoqxonalar qurishga majbur boʻlamiz", degan ombudsman.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid