Putin birinchisi emas: Shimoliy Koreyaga kimlar borgan?
Bu tashrif turlicha talqin qilinyapti, ammo dunyo hamjamiyati katta urush chiqishidan jiddiy xavotirini bildirmoqda.

Joriy yilning 18 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu uning Shimoliy Koreyaga 2000 yildan beri ikkinchi shunday safari hisoblanadi. Deyarli chorak asrlik tanaffusdan soʻng Rossiya yetakchisi katta umidlar va soʻrovlar bilan Pxenyan ostonasiga bosh urib borganini hech kim yashirgani yoʻq. Zero, global ihotalash va sanksiyalar sharoitida Rossiya oʻziga diplomatik va harbiy-siyosiy sheriklarni qidirishdan toʻxtamayapti.
Putinning navbatdagi prezidentlik muddati boshlanganidan soʻng ilk xorijiy safarini Xitoyga uyushtirdi. Biroq kuzatuvchilarning aytishicha, bu tashrif Putin uchun unchalik samarali boʻlmadi. Xitoy Kreml kutgan yordam va qoʻllab-quvvatlovni vaʼda qilmadi. Rossiya yetakchisining ikkinchi safari Belarus, uchinchisi esa Oʻzbekistonga uyushtirildi. Nihoyat Pxenyanga tashrif amalga oshirildi.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Vladimir Putinning Shimoliy Koreyaga tashrifi xavfsizlik masalasi mintaqaviy emas, global tus olayotganini isbotlaganini bildirdi.
Boshqa Gʻarb davlatlari ham bu tashrif va uning oqibatida paydo boʻladigan Rossiya-KXDR hamkorligi xalqaro xavfsizlik uchun tahdid tugʻdirishini taʼkidlashdi. Ilk natijalar oʻzini kuttirmadi: yangi sanksiyalar paketi eʼlon qilindiki, ular Rossiyaning geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlariga katta zarba boʻlib tushishini rus ekspertlarining oʻzi ham tan olishmoqda.
Kreml tarafdorlarining quvonib maqtanishicha, Putin va Kim Chen Inning oʻzaro uchrashuvlari gʻoyatda samarali boʻldi. Ikki davlat rahbarlari bir qancha foydali bitimlarni imzolashdan tashqari, zarur holatda bir-birini harbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga ham kelishib oldi. Bu esa deyarli harbiy ittifoqchilik maqomi bilan barobar.
Tanganing ikkinchi tarafi
Biroq mazkur tashrif va unda erishilgan kelishuvlar kutilmaganda Ukraina uchun foydali, aytish joiz boʻlsa, kutilmagan sovgʻa boʻldi. Kiyev shu paytgacha Janubiy Koreyaning Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi qoʻllab-quvvatlashi, hattoki harbiy-texnikaviy yordam koʻrsatishini orzu ham qilmas edi. Garchi rasmiy Seul atigi bir oy oldin Ukrainaga yordam sifatida 2,3 milliard dollar ajratishini, NATOning Ukraina uchun maqsadli fondi vositasida yarador ukrain askarlari reabilitatsiyasi uchun 12 mln. dollar oʻtkazishini eʼlon qilgan boʻlsa-da, harbiy qoʻllab-quvvatlash uchun katta ragʻbat yoʻq edi. Biroq Putin tashrifidan soʻng Janubiy Koreya Pxenyanning harbiy qudrati kuchayishini muvozanatlash maqsadida Ukrainaga qurol-yarogʻ berishga qaror qildi. Yordam paketi nafaqat snaryad, raketa va boshqa oʻq-dorilarni, balki Rossiya aviatsiyasini yoʻq qilish uchun xizmat qiluvchi havodan hujumga qarshi mudofaa tizimlarini ham oʻz ichiga oladi. Chunki Moskva-Pxenyan hamkorligi Janbuiy Koreya xavfsizligi uchun jiddiy tahdid sifatida qabul qilindi. Seul rasmiylari Kiyevga berilajak mazkur qurol-aslahalar Rossiyaning harbiy qudratini va imperialistik ishtahasini pasaytiradi, natijada Rossiyaning Shimoliy Koreyaga yordam berish ehtimoliy koʻlami qisqarib, alal-oqibat Pxenyanning ham ambitsiyalarini jilovlaydi, degan ishonch bilan harakat qilishmoqda.
Putin birinchisi emas
Aslini olganda, Putinning dunyodagi eng yopiq davlatga tashrifi birinchisi emas. Shimoliy Koreya rahbari onda-sonda xorijga chiqib turadi. Biroq barcha zolim diktatorlar kabi Ki Chen In ham oʻz jonini qattiq avaylaydi, oʻz soyasidan qoʻrqadi. Diktator otasi kabi faqat zirhli poyezdlarda harakatlanadi.
Kim Chen In KXDRni 2011 yildan beri boshqarib kelayotgan boʻlsa, shu vaqt mobaynida Pekinga norasmiy tashrif va Rossiyaning Vladivostokiga rasmiy tashrif uyushtirgan, shuningdek, Singapurdagi sammit va Vetnamdagi muzokaralarda qatnashgan.
Biroq Shimoliy Koreya oʻta yopiq davlat boʻlgani bois, xorijiy mashhur shaxslarning kelishi nihoyatda noyob hodisa hisoblanadi. Kam sonli mashhurlar Shimoliy Koreyada boʻlishgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp
Tramp Shimoliy Koreyaga tashrif buyurgan yagona AQSh prezidenti boʻldi. 2019 yil iyun oyida u Kim Chen Inning taklifiga binoan, ikki Koreyani ajratib turuvchi demarkatsiya chizigʻini kesib oʻtdi. Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi bilan qoʻl berib koʻrishdi va chegarani kesib oʻtishni “buyuk sharaf” deb atadi. Trampdan oldin Jimmi Karter 2010 yilda va Bill Klinton 2009 yilda KXDRga tashrif buyurgan, biroq ular prezidentlik lavozimidan ketganidan keyingina borishgan.
Xitoy rahbari Si Szinpin
Har bir Xitoy rahbari kamida bir marta Pxenyanga tashrif buyurgan. Xitoyning amaldagi rahbari Si Szinpin Shimoliy Koreyaga ilk bor 2019 yilda borgan edi.Tashrif mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan.
Yaponiya Bosh vaziri Dzyunʼitiro Koidzumi
2002 yilda Koidzumi KXDRga tashrif buyurgan birinchi yapon rahbari boʻldi. Muzokaralarda 1970-80-yillarda Shimoliy Koreya razvedka idoralari tomonidan oʻgʻirlab ketilgan 11 nafar yapon fuqarosining taqdiri muhokama qilindi. KXDRning oʻsha paytdagi rahbari Kim Chen Ir yaponlardan maxsus xizmatlarning xatti-harakatlari uchun kechirim soʻragan va “kelajakda bunday holat takrorlanmasligi va aybdorlar jazolanishiga” kafolat bergan.
Google rahbari Erik Shmidt
Erik Shmidt 2013 yilda toʻqqiz kishidan iborat delegatsiya tarkibida Shimoliy Koreyani ziyorat qilgan. Shmidt Shimoliy Koreyada internetning rivojlanishi bilan qiziqqan. U Pxenyan kompyuter markaziga tashrif buyurdi, Shimoliy Koreya planshetini koʻzdan kechirdi va koreyaliklardan “Qizil yulduz” operatsion tizimining imkoniyatlari haqida soʻradi. Keyinchalik Shmidt KXDR rahbariyatiga shaffoflik va ochiqlik bu mamlakatga faqat foyda keltirishini tushuntirishga harakat qilgani haqida bayonot bergandi.
NBA sport yulduzi Dennis Rodman
AQSh Milliy basketbol assotsiatsiyasi yulduzi Dennis Rodman 2013 va 2014 yillarda KXDRga bir necha bor tashrif buyurgan. U mahalliy basketbolchilar bilan oʻrtoqlik oʻyinida ishtirok etish uchun NBA sobiq yulduzlari jamoasi bilan birgalikda ilk tashrifini amalga oshirdi. 2013 yilda Rodman Kim Chen Inni oʻzining abadiy doʻsti deb atagan. Taʼkidlash joiz, KXDR yetakchisi basketbolga qiziqadi va barcha diktatorlar kabi hatto oʻz mamlakati uchun basketbol oʻyini qoidalarini ham oʻzgartirgan.