Sud boshqaruvchisi pora bilan ushlandi
DXX Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar oʻtkazdi.

DXX sud boshqaruvchisini pora bilan ushladi.
Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro shahrida joylashgan Geodeziya va topo xaritalar tuzish bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari mahalliy qurilish firmasiga qarashli 701 m2 boʻlgan yer maydonida koʻp qavatli uy qurish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini vakolatli tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 12500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini tayyorlab berish evaziga 5000 AQSh dollari olgan vaqtida viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlovchi mansabdor tanishi ham ushlandi.
Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Samarqand viloyati boʻlimi sud boshqaruvchisi Samarqand shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Samarqand tumanidagi xoʻjalik mollari savdosi bilan shugʻullanuvchi oilaviy korxonani tugatish boshqaruvchisi etib tayinlanadi.
U korxona faoliyatini tekshirish davomida, amaldagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda 1 mlrd. 916 mln. soʻm pul mablagʻi boshqa shaxslarga moliyaviy yordam sifatida oʻtkazib yuborilganligi holatini aniqlaydi va ushbu pul mablagʻi qaytarilmasdan korxonani bankrot deb elon qilish masalasini ijobiy hal qilib berish evaziga 1200 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, sud boshqaruvchisi soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.
Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Buxoro viloyati boʻlimi sud boshqaruvchisi Gʻijduvon tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan, Shofirkon tumanidagi bino-inshootlarni qurish va taʼmirlashga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatni tugatishga masʼul etib tayinlanadi.
Lekin, u mansab mavqeini suiisteʼmol qilgan holda MChJ rahbarini ishonchiga kirib, aldov yoʻli bilan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qayta tekshiruv oʻtkazilmasligi hamda davlat reyestridan chiqarishda sud va soliq idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilib, muqaddam 200 AQSh dollari oladi.
Sud boshqaruvchisi qolgan 800 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
2023 yilning sentabr oyida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi bois, joriy yilning yanvar oyida JIB Zafarobod tuman sudining hukmi bilan, unga nisbatan 18 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi rahbari esa oʻzining himoyasida boʻlgan mazkur sudlanuvchining qarindoshlaridan muqaddam shartnoma asosida 5 mln. soʻm, shuningdek, shartnomasiz 4900 AQSh dollari olgan boʻlsada, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida goʻyoki huquq-tartibot idoralaridagi tanishlariga pul berganligini aytib, yana 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.