Olti oyda gaz va elektr oʻgʻirlash ortidan davlatga 552,5 mlrd. soʻmlik zarar yetkazildi

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish Navoiy, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida nisbatan koʻproq aniqlangan.

Jamiyat
20-iyun, 10:09
Olti oyda gaz va elektr oʻgʻirlash ortidan davlatga 552,5 mlrd. soʻmlik zarar yetkazildi

Oʻtgan olti oy davomida gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga jami 552 milliard 500 million soʻmlik zarar yetkazilgan. 

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev maʼlum qildi.

Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2024 yil 1 yanvardan 15 iyungacha oʻtkazilgan 40,8 mingta nazorat tadbirlari chogʻida jami 38,8 mingta noqonuniy holatlar aniqlandi.

Mazkur noqonuniy holatlarning 13,5 mingtasi tabiiy gazdan, 25,3 mingtasi esa elektr energetikasidan qonunga xilof ravishda foydalanish bilan bogʻliqdir.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari Navoiy, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida boshqa hududlarga nisbatan koʻproq aniqlangan.

 Mamlakatda ayrim huquqbuzarlar tomonidan hisobot davrida 255 milliard 200 million soʻmlik tabiiy gaz hamda 297 milliard 300 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 552 milliard 500 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

 Ularga nisbatan 220,1 milliard soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holatlari boʻyicha 236 ta va 139,5 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holatlari boʻyicha 479 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

 Misol uchun, Fargʻona viloyatining Rishton tumanida faoliyat yurituvchi MChJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida oʻrnatilgan kompressor agregatlari tijorat maqsadida elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 3 milliard 600 million soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

 Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi fermer xoʻjaligi esa oʻziga qarashli binoda yashirin yoʻllar bilan qoʻshimcha tarmoq tortib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Uning bu jinoiy qilmishi oqibatida davlat manfaatlariga 3 milliard 374 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

 Toshkent viloyatining Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro oʻz xonadonining yertoʻlasida mayning qurilmalarini hisoblagichdan tashqari yashirin yoʻl bilan elektr tarmogʻiga ulab, hisobga olinmagan 3 milliard soʻmlik elektr energiyasini isrof qilgan.

 Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha 17,2 mingta maʼmuriy hamda 715 ta jinoiy ish rasmiylashtirilib, aybdorlar tegishli tartibda jazoga tortildilar.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+