Samarqandda kadastr amaldori byudjet pulini oʻzlashtirgani fosh boʻldi
Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh hisobchisi boshqalarga mukofot va ragʻbatlantirish yozish evaziga pullarni talon-toroj qilgan.

Samarqand shahar sudining ochiq sayyor sud majlisida viloyat kadastr boshqarmasi amaldoriga sud hukmi oʻqildi. Mazkur sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi Gʻ.A. 2019 yildan hozirga qadar Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh hisobchisi lavozimida ishlab kelgan. U boshqarmaning sobiq boshligʻi bilan jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlib, mansab mavqeini suisteʼmol qilgan. Ular xodimlarga 36 mln. soʻmdan ziyod ragʻbatlantirish va 1 millondan ziyod mukofot pulini yozib, oʻzganing mulkini rastrata qilish yoʻli bilan qasddan talon-toroj qilishgan.
Bundan tashqari Gʻ.A. oʻzining jinoiy harakatini davom ettirib, 7 nafar ishchiga 5,4 mln. soʻm, yana 10 nafar xodimga qariyb 12 mln. soʻm ragʻbatlantirish va mukofot pul mablagʻlarini toʻlanishiga erishib, oʻzganing mulkini rastrata qilish yoʻli bilan qasddan talon-toroj qilgan.
Sud majlisida soʻroq qilingan sudlanuvchi Gʻ.A. aybiga toʻliq iqrorlik bildirib, yetkazilgan zararlar toʻliq qoplanganini bildirdi. Sud Gʻ.A.ga qoʻyilgan ayblov JKning 167-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblagan.
Yakuniy hukmga koʻra, Gʻ.A. JKning 167-moddasi 2-qismi “v, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va u JKning 70-moddasiga asosan jazodan ozod qilindi. Shuningdek, Samarqand viloyat prokuraturasining depozit hisob raqamiga topshirilgan 56.045.000 soʻm pullar Kadastr agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hisob raqamiga oʻtkazilishi belgilandi.