Qoraqalpogʻistonda fuqarolarga 1,4 mlrd. soʻmlik yordam koʻrsatildi
Jami 403 MFYda aholi muammolari oʻrganilgan.
Davlat rahbari topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi oʻrinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muxammadiyev boshchiligida Respublika ishchi guruhi Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻz ishini boshladi.
Respublika ishchi guruhi tarkibiga Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Prezident Xalq qabulxonasi, sektorlar rahbarlari, vazirlik va idora vakillari biriktirildi.
“Mahallabay” tamoyili asosida hududdagi 403 ta MFYda aholi muammolarini oʻrganish ishlari amalga oshirildi. Natijada, ikki kun ichida ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun 2 km asfalt yotqizish ishlari amalga oshirildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 5 ta TPlar taʼmirlandi, 31 ta simyogʻochlar almashtirildi, 20 ta ustunlar qoʻshimcha oʻrnatildi, 1 km.dan ziyod SIP kabellar tortildi, 25 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash yoʻnalishida 3 km ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, 1,8 km tarmoq taʼmirlandi. Gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 28 ta GRPlar taʼmirlandi, 4 km tabiiy gaz tarmoqlari taʼmirlandi hamda 2 mingdan ziyod suyultirilgan gaz balonlari aholiga yetkazib berildi.
Bundan tashqari, aholi bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, jami 381 nafar yoshlarga 6,1 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi taʼminlandi.
Muborak Qurbon hayit kunlari kam taʼminlangan oilalarga, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolarga, yolgʻiz keksalarga, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Sahovat” uylariga, jami, 6,7 mingdan ortiq fuqarolarga 1,4 mlrd. soʻmlik yordamlar koʻrsatildi. Shu bilan birga, 36 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joylar topshirildi.
Aholi salomatligini saqlash va mustahkamlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 16 ta tumanda jami 180 nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 7 nafar bemorlarga bepul jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyatinig yana bir muhim yoʻnalishi - joylarda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yaxshilash boʻldi.
Ushbu maqsadda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda joylarda 50 dan ziyod turli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, xonadon madaniyatini yuksaltirish, oilalarda farzand tarbiyasi, ota-ona va farzand munosabatlari, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, kasanachilikni rivojlantirish, “Uch avlod uchrashuvlari”, maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish tadbirlari, sport tadbirlari va h.k.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.