Germaniya hukumati Yevro-2024dagi ehtimoliy teraktdan ogohlantirdi
IShID guruhi Moskvadagi kabi teraktni Yevropada amalga oshirish bilan tahdid qilgan.

Germaniya Crocus City Hall konsert zalidagi hujumga oʻxshash yirik teraktga duchor boʻlishi mumkin, deb yozadi FInancial TImes nashri.
“Yevropa, xususan Germaniya IShID va IShID-K (IShIDning afgʻon qanoti, shuningdek, Viloyat Xuroson nomi bilan ham tanilgan)ning ehtimoliy terakti xavfi ostida qolmoqda, deydi Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Nensi Fayzer.
Germaniya Konstitutsiyasini himoya qilish federal idorasi (aksil razvedka xizmati) rahbari Tomas Xaldenvang IShID-Xurosonni "eng xavfli guruh" deb atadi.
"Mumkin boʻlgan ssenariy yaqinda Moskvada koʻrganimiz kabi keng koʻlamli muvofiqlashtirilgan hujumdir", dedi u.
Eslatib oʻtamiz, Moskvadagi terakt 22 mart kuni kechqurun sodir boʻldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, oʻt ochgan, binolarga oʻt qoʻygan va gʻoyib boʻlgan. Oqibatda 145 kishi halok boʻldi, 550 dan ortiq kishi tan jarohati oldi, konsert zali butunlay yonib ketdi. Hodisa uchun javobgarlikni IShID oʻz zimmasiga oldi.
Germaniya rasmiylarining fikricha, 14 iyundan 14 iyulga qadar Berlin, Kyoln, Frankfurt-na-Mayn, Gelzenkirxen, Gamburg, Leypsig, Myunxen, Shtutgart va Dortmund shaharlarida boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha Yevropa chempionati terrorchilar uchun nishon boʻlishi mumkin.