Toshkent viloyatida ehtiyojmandlarga qoramol, tadbirkorga “Labo” topshirildi
Bayram kunlari Bekoboddagi ogʻir hududlar oʻrganildi.

Davlat rahbari topshirigʻiga asosan muborak Qurbon hayiti kunlarida Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi aʼzolari Toshkent viloyatida aholi bilan ochiq muloqotlar oʻtkazdi.
Xususan, “ogʻir hudud” roʻyxatida turgan Bekobod shahri va Bekobod tumani mahallalarida oʻtkazilgan suhbatlar davomida yurtboshimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar zamirida muborak Qurbon hayiti ayyomida qaror topgan ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik gʻoyalari bilan uygʻun va hamohangligi bilan yanada ahamiyatli ekanligi taʼkidlandi.
Bekobod tumani “Ziyoli” MFYda uyma-uy yurilib, ehtiyojmand oilalardan xabar olindi, kerakli amaliy yordamlar koʻrsatildi.
Aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida Prezident sovgʻasi sifatida ehtiyojmand oilalarga qoramol, oʻz tadbirkorligini yanada kengaytirib, mahallada 20 ta qoʻshimcha ish oʻrnini yaratmoqchi boʻlgan tadbirkorga yangi “Labo” avtomashinasi topshirildi. Undan tashqari, mahalla yoshlari uchun chet tillariga ixtisoslashgan yangi kutubxona qurilishi, ayrim sabablar tufayli bitmay qolgan ichki yoʻllarning taʼmiri hamda qator obodonlashtirish ishlari tez kunlarda oʻz nihoyasiga yetadigan boʻldi.
Oʻrganishlar nihoyasida Respublika ishchi guruhi sektor rahbarlari, nuroniylar, “mahalla yettiligi” vakillari hamda jamoatchilik faollari bilan suhbatlar oʻtkazib, “xonadonbay” ishlash, mahallalar imkoniyatidan kelib chiqib yangi ish oʻrinlarini yaratish, tomorqalardan unumli foydalanish kabi qator masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati hududlarda davom etmoqda.