Putin davlat tashrifi bilan Shimoliy Koreyaga boradi
Ushbu tashrif Gʻarb Shimoliy Koreyani Rossiyaga qurol yetkazib berishda ayblagan paytda amalga oshirilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga 18-19 iyun kunlari tashrif buyuradi.
Kreml matbuot xizmati Vladimir Putinning KXDRga tashrifi sanalarini eʼlon qildi - u 18-19 iyun kunlari boʻlib oʻtadi.
Safar Ukraina va Gʻarb tomonidan Shimoliy Koreya Rossiyaga katta hajmdagi oʻq-dorilar – artilleriya snaryadlari va ballistik raketalar yetkazib berishda ayblangani fonida boʻlib oʻtadi.
Joriy yil boshida Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiya harbiylari Ukraina hududiga Shimoliy Koreyaning 20 dan ortiq qurolini, jumladan 2024 yil 2 yanvarda Xarkovga "Xvason-11" raketasini otgani haqida xabar bergan edi.
Shimoliy Koreya 2006 yildan beri BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan yadroviy dastur ishlab chiqqani va ballistik raketalar ishlab chiqargani uchun sanksiyalar ostida qolmoqda. Xarkovga uchirilgan "Xvason-11" raketasining kelib chiqishi haqidagi hisobotni tayyorlagan BMT ekspertlarining fikricha, Rossiyaga raketa yetkazib berish ushbu sanksiyalarni buzishi mumkin.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbining aytishicha, Rossiya qurol yetkazib berishga javoban sanksiyalarni chetlab oʻtib, KXDRga neft mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Putin shuningdek, 19-20 iyun kunlari Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Bosh kotibi Nguyen Phu Trongning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Vetnamda boʻladi.
Xanoyda Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi Bosh kotibi Nguyen Phu Trong, Prezident To Lam, Hukumat Bosh vaziri Fam Min Tin va Milliy Assambleya raisi Tran Txan Man bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtadi, deyiladi Kreml xabarida.