JSST millionlab odamlar oʻlimiga sabab boʻlayotgan toʻrt omilni sanadi
Yevropa Ittifoqida 2,7 million kishi ushbu sabablarga koʻra vafot etadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) oʻrtacha umr koʻrishni sezilarli darajada qisqartiradigan toʻrt omilni maʼlum qildi. Gap tamaki, alkogol, qazib olinayotgan yoqilgʻi va oʻta qayta ishlangan mahsulotlar haqida bormoqda.
"Tamaki, oʻta qayta ishlangan oziq-ovqatlar, qazib olinadigan yoqilgʻi va alkogol dunyo boʻylab yiliga 19 million oʻlimga sabab boʻladi yoki Yevropa Ittifoqida 2,7 million kishi ushbu sabablarga koʻra vafot etadi", deyiladi JSST hisobotida. Jumladan, alkogol Yevropada yiliga 490 ming, tamaki 1,1 mln. nafardan oshiq inson hayotiga zomin boʻladi.
Qayd etilishicha, ishlab chiqaruvchilar transmilliy korporatsiyalarga birlashib, oʻz shartlarini ilgari surib,mazkur omillarga qarshi meʼyoriy hujjatlar qabul qilinishiga toʻsqinlik qilmoqda.
JSST Yevropa siyosatchilarini "odamlar doimo foydadan ustun turishi kerak" degan gʻoyani ilgari surishda yordam berishga chaqirmoqda.
Mazkur toʻrt omil kuniga 7 mingdan oshiq kishini hayotdan olib ketadi , deydi JSSTning Yevropa mintaqaviy direktori Xans Kryugle.