Zelenskiy Xitoy rahbari unga Rossiyaga qurol sotmaslikka vaʼda berganini aytdi
May oyida Britaniya mudofaa vaziri Xitoyga shunday ayblov qoʻygandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xitoy rahbari Si Szinpin unga Rossiyaga qurol yetkazib bermaslikka vaʼda berganini aytdi.
"Men Xitoy rahbari bilan telefonda gaplashdim, agar u gapida turadigan odam boʻlsa, koʻramiz", - dedi Zelenskiy 13 iyun, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Italiyadagi G7 sammiti doirasidagi matbuot anjumanida.
Matbuot anjumanida Vladimir Zelenskiy sammitda AQSh va Ukraina oʻrtasida tuzilgan xavfsizlik kelishuvini Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlishi yoʻlidagi muhim qadam deb atadi. Shartnomada "AQSh Ukrainaning kelajakdagi NATO aʼzoligini qoʻllab-quvvatlashi va bizning xavfsizlik kelishuvimiz Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlishi uchun koʻprik ekanligini tan olishi aytiladi", dedi Zelenskiy.
22 may kuni Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shapps Xitoyni Rossiyaga halokatli qurol yetkazib berishda ayblab chiqqandi. "Bugun men Rossiya va Xitoy oʻrtasida Ukrainada qoʻllanilgan qurollar sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida dalillarga ega ekanligimiz haqida xabar berishim mumkin", dedi Shapps.
Shuningdek, Germaniya va AQSh hukumati Xitoyni Rossiya Federatsiyasi bilan sanksiyalarni chetlab oʻtishda hamkorlik qilishdan ogohlantirdi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Pekin Moskvaga harbiy maqsadlar uchun geofazoviy razvedka maʼlumotlari, shuningdek, harbiy sanoat uchun zarur boʻlgan mikroelektronika, tanklar ishlab chiqarish uchun mashinalar va raketalar uchun yoqilgʻi bilan taʼminlaydi.