Rossiyada yirik tozalash: Putin armiyasidagi kirdikorlar
Ukrainaga urush boshlangan kundanoq, rus qoʻshinida harbiy texnika va boshqaruvning samarasizligi bilan bir qatorda yana ikki muammo yuzaga chiqdi: taʼminot va harbiy aloqaning yomonligi.
Rossiya 2023 yilda harbiy sohaga sarflangan mablagʻlari boʻyicha dunyoda AQSh (916 mlrd. dollar) va Xitoydan (296 mlrd. dollar) keyin 3-oʻrinda turadi. Rossiya oʻtgan yili ushbu sohaga 109 mlrd. dollar sarflagan boʻlib, bu 2022 yildagidan 24 foizga, oxirgi 10 yil bilan taqqoslaganda esa 57 foizga koʻp.
Eʼtiborli jihati shundaki, AQSh harbiy byudjeti mamlakat YaIMning 3,4, Xitoyniki 1,7 foizini tashkil etgani holda, Rossiya mudofaa xarajatlari ulushi YaIMning deyarli 6 foiziga teng.
2024 yilgi Rossiya harbiy byudjeti esa 112 mlrd. dollarga chiqishi koʻzda tutilgan. Tojikiston YaIMning 10 baravariga teng va Oʻzbekiston YaIMdan deyarli 15 foizga koʻp ushbu ulkan moliyaviy oqim “qozon” tepasida turgan rus generallari va moliyaviy soha rahbarlari ishtahasini qoʻzgʻatishi tabiiy. Sovet davridan meros qolgan samarasiz iqtisodiy siyosat, korrupsiya va tashmachilik hamda qoʻshib yozishlar yordamida bu mablagʻning yarmi koʻzlangan maqsadga sarflangan boʻlsa ham katta gap. Har holda Ukrainaga qarshi urush koʻp sirlarni ochib tashladi.
Urush fosh etgan oʻgʻirliklar
Urush tufayli, hujumga shay, deya hisobot berilgan harbiy texnikalarning deyarli uchdan biri aslida yaroqsiz ekani, aksariyat qismiga esa ehtiyot qismlari yetishmasligi fosh boʻlib qoldi. Hisobotlarda taʼmirlash uchun, deb har yili olingan milliardlab dollar pullar rejadagi maqsad uchun sarflanmagani maʼlum boʻldi.
Albatta, yillar davomida koʻzi shamgʻalat qilib kelingan Putin bu holatdan xabar topgach, sohaning “avra-astari”ni chiqarib tekshiruvlar oʻtkazishni buyurgan boʻlishi tabiiy. Natijalar oʻzini uzoq kuttirmadi – Rossiya mudofaa vazirligida (MV) tozalashlar boshlandi.
Avval Mudofaa vaziri oʻrinbosari Timur Ivanov (23 aprel), MV kadrlar boshqarmasi boshligʻi Yuriy Kuznetsov (13 may) va 58-armiya sobiq qoʻmondoni Ivan Popov (17 may) pora olish va firibgarlikda ayblanib qamoqqa olindi.
Keyinroq joriy yilning 23 may kuni bosh shtab boshligʻi oʻrinbosari, aloqa boʻyicha bosh boshqarma boshligʻi, general-leytenant Vadim Shamarin hamda Davlat mudofaa xaridlari taʼminoti departementi boshligʻi Vladimir Verteletskiy hibsga olindi.
Bu tozalashlar hamda Rossiya armiyasining dunyodagi 2-armiya emasligini fosh qilgan yana bir voqea esa Yevgeniy Prigojin koʻtargan isyon bilan bogʻliq. Kichikroq bir qoʻshin bilan Moskvani olib qoʻyishiga sal qolgan “Vagner” koʻrsatgan “oʻyin” rus armiyasi va rus siyosiy-harbiy elitasining ahvoli naqadar ayanchli ekani, barcha vahimayu xoʻrozlanishlar shunchaki propaganda “kuchi” ekanini butun dunyoga oshkor qildi. Garchi Prigojin oʻz shashtidan qaytgani va buning uchun keyinroq bilvosita, lekin oshkora va “ibratomuz” oʻlim jazosiga hukm qilinganiga qaramasdan, Putinga qarshi isyon koʻtarishga jurʼat qilishining oʻziyoq kuzatuvchilarni tafakkurga chorlaydi.
Rossiyalik jurnalistlarning maʼlumotlariga koʻra, Shamarin 235-garnizon harbiy sudi tomonidan Rossiya JKning 290-moddasi 6-qismi boʻyicha – juda katta miqdordagi (36 mln. rubl) pora olish ishi boʻyicha hibsga olingan. Tergov idorasining ilk talqinlariga koʻra, Shamarin Permdagi “Telta” telefon zavodi bosh direktoridan 2016 yilning aprelidan 2023 yilning oktabrigacha 36 million rubl miqdorida pora olgan. Shamarin bu pullarni Perm telefon zavodining bosh direktori va bosh hisobchisidan MVga yetkazib beriladigan mahsulotlar hajmini oshirish va umumiy homiylik uchun olgan. Unga 15 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi xavf solib turibdi.
Avvalroq, 2023 yilning yozidayoq “Telta” zavodi bosh direktori Aleksandr Visokov va bosh buxgalter Yelena Grishina firibgarlik ishi boʻyicha hibsga olingan edi. Aynan ularni tergov qilish jarayonida rus harbiy elitasidagi poraxoʻrlik holatlari maʼlum boʻlgani ehtimolga yaqin.
Shuningdek, Mudofaa vaziri oʻrinbosari Timur Ivanov katta miqdorda pora olishda ayblangan. U 23 aprel kuni, vazirlikni Sergey Shoygu boshqarib turgan paytda hibsga olingan. Ivanov Shoygu “jamoasi”ga tegishli amaldor boʻlsa-da, oʻshanda vazir oʻz xodimi va doʻstini saqlab qolish uchun hech narsa qila olmagan.
Yuriy Kuznetsov, "Yangi Yevropa" nashri maʼlum qilganidek, Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabining 8-boshqarmasi boshligʻi boʻlib yurgan paytlarida davlat sirlarini sotish bilan shugʻullangan.
Shundan soʻng, 17 may kuni general-mayor Ivan Popovning katta miqdordagi firibgarlikda ayblanib hibsga olingani maʼlum boʻldi. Unga Rossiya JKning 159-moddasi 4-qismi bilan ayblov eʼlon qilingan. Ayrim fikrlarga koʻra, Popov bosh shtab boshligʻi Valeriy Gerasimov bilan “san-manga” borib qolgan. “Haqiqatparvarligi” bilan nom qozongan Popov avval 58-armiya qoʻmondonligidan olingan, soʻng unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tergovchilar Popovni urush hududida mudofaa liniyasi yaratish uchun ajratilgan qurilish materiallarini talon-toroj qilish orqali davlatga 100 mln. rubl miqdorida zarar yetkazishda ayblamoqda.
Davlat mudofaa xaridlari taʼminoti departamenti boshligʻi Vladimir Verteletskiyga esa, jumladan, 2022 yilda davlat shartnomasi boʻyicha tugallanmagan ishlarni qabul qilish va shu tariqa davlatga 70 million rubldan ortiq miqdorda zarar yetkazish aybi qoʻyilgan.
Albatta, ayrim MV rahbarlari (hozircha) shunchaki lavozimdan chetlatish bilan qutulib qolishdi. Putin keyingi muddatga prezident etib “saylangach”, 2012 yildan beri Mudofaaa vaziri boʻlib kelayotgan Sergey Shoygu 14 may kuni Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlanib, uning oʻrniga sobiq bosh vazir oʻrinbosari Andrey Belousov olib kelindi.
Garchi, yangi tayinlangan Mudofaa vaziri Andrey Belousov ilk kollegiya kengashida mudofaa tizimida yangi maʼmuriy oʻzgarishlar boʻlmasligini vaʼda qilgan boʻlsa-da, yaqin orada Shoyguning kamida 4-5 nafar oʻrinbosari mansabidan ayrilishi mumkin. “Nomzodlar roʻyxati”da Aleksey Krivoruchko, Tatyana Shevsova, Pavel Popov, Ruslan Salikov va Yuriy Sadovenko borligi gumon qilinmoqda.
Guruhlararo kurash qurbonlari
Barcha tizimlarda boʻlgani kabi, Rossiya hukumatida ham turli qudratli guruhlar zimdan oʻzaro kurash olib borishadi. “Novaya Yevropa” nashrining yozishicha, ushbu hibsga olishlar “raqobatchilarni yoʻqotish” yoki “boʻysundirish” ssenariysiga oʻxshab ketadi.
Xususan, hibsga olingan sobiq mulozimlar Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va MV oʻrtasidagi kurash qurboni boʻlgani ehtimoldan xoli emas. Zero, Putin qariyapti. Buning ustiga, xalqaro maydonda Rossiyaga salbiy munosabat, global ihotalanish, xalqaro sanksiyalar bosimi, choʻzilib ketgan urushdagi strategik muvaffaqiyatsizliklar, nooʻrin xarajatlar va qurbonlar, xalq noroziligi, iqtisodiy inqirozlar fonida Putin taxti ancha “liqqillab” qolgan. Bu kabi omillar yaqin kelajakda Rossiya davlat rahbari kursisi uchun kurashlar boshlanishi va bu kurashda FXX rahbarlari ishtirok etishga ishtiyoqmand ekanini koʻrsatadi.
Toʻgʻri, FXX bu hibsga olishlarni korrupsiyaga qarshi kurash qobigʻiga oʻrab taqdim etmoqda. Zero, alamini kimdan olishni bilmayotgan rus “vatanparvarlari” aynan poraxoʻrlar va harbiy kiyimdagi firibgarlarning “qoniga tashna”. Deyarli barcha yuqori martabali armiya qoʻmondonlari korrupsiyalashgan, degan ayblov esa hech kimni ajablantirmaydi.
Davlat xavfsizlik xizmati tizimi koʻzlagan maqsadiga deyarli yetishdi: asosiy donalar siyosat taxtasidan olib tashlandi. Bu bilan elita oʻzini oqladi: “hammasiga shu ablahlar aybdor edi, mana ularni yoʻq qildik, endi hammasi yaxshi boʻladi”, deya Putinga va qisman xalqqa hisobot bergan boʻldi. Shu bilan Ukrainadagi urush fosh etgan muammolar “kitobi” yopildi hisob. Bu hibsga olishlar yordamida Rossiya oliy rahbariyati ham, xalqi ham deyarli tinchlantirildi, hovurdan tushirildi.
Boshqa harbiy mulozimlarning olib tashlanishi-ku tushunarli. Lekin aloqa boʻyicha bosh boshqarma boshligʻining ishdan olinib, qamoqqa uloqtirilishi biroz izoh talab qiladi.
Maʼlumki, Ukrainaga urush boshlangan kunidanoq, Rossiya armiyasidagi harbiy texnika va boshqaruvning samarasizligi bilan bir qatorda, ikkita katta muammo yuzaga chiqdi. Birinchisi taʼminot boʻlsa, ikkinchisi harbiy boʻlinmalararo aloqaning yomonligi bilan bogʻliq. Ayniqsa, aloqa borasidagi kamchiliklar rus armiyasi uchun haqiqiy falokatga aylandi. U qoʻshinlarning jangovar samaradorligiga juda yomon taʼsir koʻrsatdi.
Maʼlumki, urushda turli harbiy boʻlinmalar – motooʻqchi, tank, artilleriya, aviatsiya, elektron urush, uchuvchisiz samolyotlar va boshqa boʻlinmalar oʻzaro aloqada boʻlgan holda yagona musht boʻlib jang olib borishi talab etiladi. Elementar aloqa sifati yaxshi emasligi, maʼlumotlarni shifrlash va uzatish-qabul qilishda muammolar tugʻilgani uchun avvalo aloqa boʻyicha bosh boshqarma aybdor boʻlishi tabiiy. Chunki sifatli va himoyalangan aloqa tizimi uchun avvalo zamonaviy va sifatli aloqa uskunalari boʻlishi talab etiladi. Ekspertlarning taʼkidlashicha, bu muammo rus armiyasida shu paytgacha koʻngildagidek boʻlmagan va katta ehtimol bilan hozir ham – urushning 3-yili ketayotgan bir pallada ham oxirigacha hal etilmagan.
Ekspertlarning taxminlariga koʻra, Shamarin turli qurilmalar va texnik jihozlarni ishlab chiqish va yetkazib berish buyurtmalarini taqsimlash uchun muntazam ravishda pora olib kelgan. Yaʼni davlat kerakli texnika uchun pul ajratsa, uni kim ishlab chiqarishi va kim yetkazib berishi haqidagi hal qiluvchi qarorni Shamarin chiqargan. U oʻzi “yoqtirgan” loyihalash tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va sanoat korxonalariga katta moliyaviy oqimlarni yoʻnaltirish imkonini beradigan davlat shartnomalarini tuzish bilan shugʻullangan.
Verteletskiy esa, yuqorida aytilganidek, davlat xaridlari uchun tenderlarni taqsimlashdagi noxolisligi uchun qamoqqa olindi.
Manfaatlar toʻqnashuvi
MV generallari turli uskuna va harbiy texnikalarni olishda ularni “rozi qilgan” firmalar bilan shartnoma tuzishgan. Shaxsiy manfaatlar aralashgan joyda texnika sifati va yetkazib berish muddatlari qanday boʻlishi mumkinligini, pirovardida esa bu rus armiyasi qudrati va urushdagi vaziyatga qanchalik taʼsir qilishini oʻzingiz tasavvur etavering.
Hatto armiya uchun mutlaqo keraksiz texnikalarga “sunʼiy ehtiyoj” yaratilgan va buning uchun davlat mablagʻlari isrof qilingan. Koʻplab miqdordagi tovarlar hamda ehtiyot qismlari yetkazib berilmagan boʻlsa-da, “qabul qilindi”, deya hujjatlashtirilib, byudjet pullari “yeb yuborilgan”. Xullas, Verteletskiy va uning hamtovoqlaridan iborat korrupsion tizim barcha hujjatlarni soxtalashtirishi natijasida byudjet pullari harbiy amaldorlar va ularning “koʻngliga yoʻl topa olgan” tadbirkorlarning shaxsiy choʻntagiga tushgan.
Buyoqda askarlar Putin ambitsiyalari va fantaziyalari yoʻlida jon berib, qon toʻkayotgan bir paytda generallar shaxsiy boyligini koʻpaytirish bilan shugʻullangan. Chunki “qogʻozlarda” hammasi batartib, hamma narsa yetarli. Lekin amalda oʻtkir tanqislik kuzatilgan va kuzatilmoqda. Masalan, hujjatlarga koʻra, falon ming tonna yoqilgʻi sotib olingan boʻlsa-da, amalda harbiy texnikalar oddiygina yoqilgʻi yetishmasligi yoki taʼminot yomonligi bois toʻxtab qolib, raqib tomonidan yoʻq qilinmoqda.
Oʻq-dori va qurol aslahalar borasidagi yetishmovchilik va qoʻshib yozishlar koʻlami ham oʻta dahshatli. “Shoygu, Gerasimov, qani oʻq va qurollar?”, deya gʻazabdan boʻgʻriqib, urushda oʻldirilgan “vagnerchilar”ning murdalarini koʻrsatib, videolar chiqargan marhum Prigojin ham bir jihatdan haq boʻlgan.
Nomi maxfiy qolishini istagan rus harbiylaridan birining “Novaya gazeta” nashriga bergan intervyusida aytishicha, hujjatlarga koʻra, Rossiya armiyasi aloqa vositalari bilan toʻliq taʼminlangan. Holbuki, butun boshli polklar umuman ratsiyasiz jang qilishgan! “Bizning boʻlimimizda bitta aloqa moslamasi ish holatida edi, xolos. Qolganlari buzuq edi. Natijada, Rossiya insonparvarlik yordami xodimlari aholidan pul yigʻib, butun polk uchun ratsiyalar sotib olib berishdi. Shu payt shtabdan bir inspektor kelib, radiostansiyalar armiya standartlariga mos emas deya, “tirnoq ostidan kir” qidira boshladi. Yordam yetkazilishini nazorat qilgan viloyat rahbari aralashganidan keyingina tinchib qolishdi” deya eslaydi ushbu harbiy xizmatchi.
Qizigʻi shundaki, Rossiya yetakchi firmalari MV buyurtmasi bilan ishlab chiqargan harbiy uslubdagi ratsiyalarni Internetda bemalol sotib olish mumkin. Ular qanday qilib, “qoʻlga” chiqib ketganini hech kim tushuntirib bera olmaydi.
“Novaya gazeta” suhbatdoshining aytishicha, koʻpgina boʻlinmalarda jarohat olganlik holatlari, taʼtillar va mukofotlarni rasmiylashtirish uchun askarlar va zobitlardan noqonuniy pul yigʻib olinadi. Bu ham kamlik qilgandek, harbiy qism komandirlari xalq va xayriya tashkilotlari joʻnatgan gumanitar yordamni “tashqariga” sotib yuborishadi. Hatto qurol va oʻq-dorilarni sotishga jurʼat qilishadi va “tushgan daromaddan” yuqori harbiy rahbariyatga ulush berib turishadi.
Yigʻishtirilayotgan arqon
Xalqda “arqonni uzun tashlab qoʻyish”, degan naql bor. Ushbu hibsga olishlar hali koʻplab jinoyat ishlarining debochasi boʻlishi mumkin. Zero qoʻlga olingan mulozimlar hali koʻp sirlarni tergovchilar bilan “baham” koʻrishadi, sobiq hamkasblarini ayamay sotishadi, kelajakda koʻplab yangi “ishlar” boʻyicha guvohlik berishadi.
Albatta, armiya tizimidagi bu oʻgʻirliklardan yuqori rahbariyat va FXX bexabar boʻlgan, deyish qiyin. Zero MV bilan tuziladigan barcha shartnomalar, qurol va kiyim-kechak sotib olish boʻyicha buyurtmalar va boshqa moliyaviy hujjatlar xodimlarning butun jamoasi tomonidan tayyorlanadi hamda FXX kontrrazvedka boʻyicha kuratorlari tomonidan tekshiriladi. Ular Timur Ivanov yoki Yuriy Kuznetsovning “biznesidan” xabardor boʻlishgani tabiiy. Demakki, bu repressiyalar koʻlami kelajakda yanada kengayishi va boshqa idoralarni ham qamrab olishini prognoz qilish mumkin.
Kechuv paytida olmashtirilgan otlar
Daryoni kechib oʻtilayotgan paytda otlarni almashtirib boʻlmaydi, deyishadi. Ayni urush paytida janglar uchun bevosita masʼul shaxslarning almashtirilishi Rossiyaning hujum va mudofaa qudratiga taʼsir etmaydi, deyish oʻta soddalik boʻlardi. Biroq bunga majburlik mudofaa tizimidagi korrupsiyaning chidab boʻlmas darajaga chiqqanini koʻrsatadi.
Albatta, rahbarlari qamoqqa olingan harbiy boʻlinmalarning jangovar samaradorligi ham vaqtincha pasayib ketishi mumkin. Yangi tayinlangan rahbar toki vaziyatni oʻrganib, moslashishi va yangi rejalar bilan faol ish yuritishi uchun vaqt kerak boʻladi. Qolaversa, mavjud byurokratik “anʼanalarga” koʻra, yangi kelgan rahbar oʻzi bilan butun jamoasini olib keladi va shu paytgacha ishlab turgan xodimlar oʻrniga qoʻyadi. Bu jarayon tepadan pastga qarab davom etadi. Bu esa, butun tizim yangi rahbarlar bilan almashadi, deganidir. Demakki, harbiy taʼminotda, xususan, juda ogʻriqli va muhim aloqa tizimida yana ish samaradorligi pasayadi va alal-oqibat Rossiya armiyasini bir muddat zaiflashtirib qoʻyadi. Yangi rahbariyatning yangi strategik rejalarni amalga oshirishi ham armiya faoliyatida oʻziga xos “pauza” paydo qiladi. Natijada, byurokratik mashina harakati falajlanadi, qarorlar qabul qilish koʻp vaqt ola boshlaydi. Harbiy ekspertlarning aytishicha, hamma kutganidek, rus armiyasining yozgi joʻshqinligi kuzatilmaydi, biroz turgʻunlashuv fazasi boshlanadi.
Harbiy tadqiqotchi Kirill Mixaylovning bildirishicha, Rossiya qurolli kuchlarini yanada samaraliroq qilish uchun bir necha hibsga olishlar yetarli boʻlmaydi. Rossiya armiyasi urushda birmuncha muvaffaqiyatlar koʻrsatib, yangi hududlarni bosib olayotganiga qaramasdan, tizimda muammolar shunchalik koʻpki, hatto eng halol va korrupsiyadan hazar qiladigan harbiy rahbar ham ularni tezda hal qila olmaydi. Bu esa urushning yanada choʻzilishi, xarajatlar va qurbonlar koʻlamining yanada ortishidan darak beradi.
Hamma narsa urush uchun...mi?
Rossiya byudjetida harbiy sohaga yoʻnaltirilgan xarajatlardan tashqari, urush qatnashchilarini oʻqitish, sobiq qatnashchilarni moddiy ragʻbatlantirish, yaradorlar uchun nafaqa hamda tibbiy xizmatlar, ularning hamda halok boʻlganlarning oila aʼzolari uchun moddiy-moliyaviy taʼminot masalalari va boshqalar ham xalq zimmasiga yuk boʻlib tushmoqda.
Xususan, 2024 yil uchun qabul qilingan Rossiya davlat byudjetida mudofaa uchun ajratiladigan mablagʻlar ulushi rekord darajaga chiqqan. Rossiya hukumati “milliy mudofaa” uchun 10,8 trln. rubl ajratishni reja qilgan. Bu esa 2024 yil uchun kutilgan xarajatlarning 29,4 foizini tashkil etadi.
Qiyoslash uchun aytadigan boʻlsak, “ijtimoiy siyosat” uchun jami xarajatlarning atigi 21,1 foizi (7,7 trln. rubl) ajratiladi.
Bundan tashqari, Rossiya hukumati harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining moddiy taʼminotini, shuningdek, “harbiy xizmat va shunga tenglashtirilgan xizmatlardan” boʻshatilgan shaxslarning nafaqasi uchun moddiy taʼminotni ham 4,5 foizga qayta indeksatsiyalashni niyat qilgan.
Bu kabi raqamlar, shuningdek, harbiy elita rahbariyatida boshlangan tozalashlar Rossiya siyosati va iqtisodiyoti harbiy relslarga oʻtkazilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bunday sharoitda ilm-fan va iqtisodiyot ham tinch hayotdagi muvaffaqiyatlarga, xalq farovonligini oshirishga emas, urush va mudofaa bilan bogʻliq texnologiyalarga urgʻu berishi tabiiy.
Shunga qaramasdan, urushdan hamma charchadi, Putin atrofidagi amaldorlar ham urush toʻxtashidan manfaatdor, degan fikrlarga qoʻshilish qiyin. Urush – oʻta qimmat mashgʻulot. Urush – katta pullar yoʻnaltiriladigan, noqonuniy boyish uchun ulkan imkoniyat. Yuqoridagi faktlar misolida taʼkidlash mumkinki, rus elitasi urushni toʻxtatishdan emas, uni choʻzishdan va tabiiyki, uni gʻalaba bilan yakunlashdan koʻproq manfaatdor. Zero gʻoliblarni hech kim ayblamaydi. Urushda yoʻl qoʻyilgan xatolar hamda oʻgʻirliklar esa xuddi navqiron yoshida halok boʻlgan askarlarning murdalari kabi urush maydonlarida qolib ketadi va unutiladi.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.
Telegramda kuzatib boring!