platina.uz
Jamiyat

DXX Jizzax viloyati prokuraturasi mansabdorini ushladi

Bundan tashqari Toshkentning Yakkasaroy tumanida tergovchi, Namanganda esa advokat ham pora olayotganda qoʻlga tushgan. 

DXX Jizzax viloyati prokuraturasi mansabdorini ushladi
Videodan kadr.

DXX tomonidan tezkor tadbirlarda prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, advokat va boshqalar qoʻlga olindi.

Jizzax viloyati prokuraturasining boʻlim prokurori Jizzax shahrida yashovchi, 1975 y.t. fuqaroni muqaddam Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan sudlanganlik holatini oʻzining vakolatli hamkasbi orqali olib tashlashni vaʼda qilib, evaziga 1000 AQSh dollari va 1 dona “Samsung Galaxy S24 Ultra” rusumli telefon apparatini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi va 2 nafar surishtiruvchisi oʻzaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, boʻlim ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllamaslik hamda uning harakatlarini JKning 273-moddasi 5-qismidan 276-moddasining 2-qismi “a” bandiga qayta malakalash evaziga, ayblanuvchining tanishi Q.O. orqali 7 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Toshkent shahrida yashovchi, 1967 va 1970 yillarda tugʻilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar shaxs 1980 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, unga nisbatan IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvidagi JKning 168-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini prokuratura organlaridagi tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllamaslik evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda firibgarlardan biri, yaʼni, 1970 y.t. shaxs soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda ularni prokuratura tizimidagi tanishlarining shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Namangan shahridagi advokatlar hayʼati advokati viloyat IIB tomonidan JKning 168 va boshqa moddalari bilan qoʻzgʻatilib, hozirda JIB Namangan shahar sudida koʻrib chiqilayotgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishiga yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, 8 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, advokat muqaddam JKning 25,97-moddasi bilan sudlangan shaxs hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid