Qurilish qoidalarini buzganlarni yanada qattiqroq jazolashmoqchi
Ushbu qonun loyihasi bilan 3 ta kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksining amaldagi 229-3-moddasining sanksiyalari kuchaytirilib, bosh rejalarga zid ravishda qurganlik, foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzganlik, koʻp kvartirali uylarni yertoʻla va birinchi va qavatidagi konstruksiyalarni buzganlik va ruxsat olmasdan qurganlik uchun maʼmuriy jarimalar qoʻllanilganidan soʻng, ushbu huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarliklarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Yaʼni mazkur qilmishlarning ogʻir yoki yengilligiga qarab maʼmuriy jazo tayinlangandan soʻng sodir etilsa – 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Agar, qonunbuzarlik odamlar oʻlimiga sabab boʻlsa yoki boshqa ogʻir oqibatlarni keltirib chiqargan hollarda – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Shuningdek, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik toʻgʻri kvalifikatsiya qilinishi uchun har bir huquqbuzarlik alohida qism sifatida qayd etilmoqda. Inspeksiya yoki sudlarda sodir etilishi mumkin boʻlgan korrupsiyani oldini olish maqsadida maʼmuriy jarimalar miqdorini yagona qilib belgilash, yaʼni amaldagi maʼlum bir summadan maʼlum summagacha degan normadan voz kechish nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida koʻpayib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini taʼminlash, qurilish sifatini oshirish hamda sodir etilgan huquqbuzarliklarni kamaytirib, jazo taʼsirchanligini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.