Prezident AQSh vakili bilan JSTga aʼzolikni muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev Qoʻshma Shtatlar Savdo vakili Ketrin Tayni qabul qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Amerika Qoʻshma Shtatlarining Savdo vakili Ketrin Tayni qabul qildi.
Amerika idorasi rahbari Oʻzbekiston yetakchisiga AQSh Prezidenti Jo Baydenning salomi va tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar koʻrsatkichlari barqaror oʻsayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
AQShning "Air Products", "Coca-Cola", "Citibank", "Visa" va boshqa koʻplab yetakchi korxonalari va banklari bilan kooperatsiya aloqalari rivojlanmoqda.
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi, GSP tizimini qayta tiklash, "C5+1" formati hamda Savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Sanoat kooperatsiyasi uchun yangi sohalarni aniqlash va tegishli loyihalarni ilgari surish boʻyicha qoʻshma platformani ishga tushirish muhim ekani taʼkidlandi.