platina.uz
Jamiyat

“Murojaatdan – daromadga” loyihasi doirasida yuzdan oshiq xotin-qiz ishli boʻldi

Buxoroda yangi tajriba asosida aholiga ish anjomlari tarqatildi. 

“Murojaatdan – daromadga” loyihasi doirasida yuzdan oshiq xotin-qiz ishli boʻldi

Prezident Xalq qabulxonasining “Murojaatdan – daromadga” loyihasi Buxoro viloyati Shofirkon tumanida katta festivalga aylandi.

Erta tongdan tuman markazida oʻtkazilgan sogʻlom hayot uchun “5000 qadam” yurish marafoni Yoshlar bogʻidagi turli koʻrgazmalar-u kitobxonlik anjumaniga, yosh rassomlar uchun mahorat darslari-yu harbiy-vatanparvarlik dasturlariga, sport musobaqalari-yu aholi daromadini oshirish yoʻlidagi amallarga ulanib ketdi.

Bu jarayonda Prezident maslahatchisi oʻrinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan moddiy yordam masalasida murojaat qilgan shofirkonlik 115 nafar xotin-qizga sektor rahbarlari bilan birga subsidiya hisobidan oʻn turga yaqin ish anjomlari topshirildi. Tikuv mashinalari, sut, goʻsht va sabzavotlarni qayta ishlash uskunalari olib berilgan har bir murojaatchi oʻz hududida shu yoʻnalishdagi lider tadbirkorlarga biriktirildi. Bu esa aholi daromadini oshirish, bu boradagi murojaatlarga samarali yechim topishning yana bir xalqchil mexanizmidir.

Masalan, “Qalmaqon” mahallasida yashovchi tadbirkor Oynisa Sharipova ham bugun Mohira Ikromova kabi subsidiyaga uskuna olib ish boshlagan toʻrt nafar mahalladoshi bilan kooperatsiya tashkil qildi. Toʻrt ayol oʻz uyida yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarsa, tadbirkor ularni sotib olib, isteʼmolchilarga yetkazib beradi. Bundan esa barcha birdek manfaatdor.

Yoki Denov mahallasida yashovchi Nodira Karimova ham bugun mahallasidagi tadbirkor bilan birikib, subsidiyaga olingan separatorda sutni qayta ishlab, qaymoq, sariyogʻ olishni boshladi. Bu bilan oila byudjeti uchun yana bir daromad manbai yaratildi.

Tuman markazidagi Yoshlar bogʻi anchagacha gavjum boʻldi. Mehnat yarmarkalari, kasb-hunar oʻrganish, oliy taʼlim, sogʻlom ovqatlanish kabi yoʻnalishlardagi koʻrgazmalarda aholining barcha qatlami, ayniqsa, ishsiz xotin-qizlar mehnat qilib, jamiyatning faol aʼzosiga aylanishi uchun keng miqyosda maʼlumotlar, maslahat va koʻmak olish imkoniga ega boʻldi. Buxoro shahridan kelgan tajribali shifokorlar 470 nafardan ziyod aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.

“Buxoro tajribasi” – sadoqat namunasi” tamoyili asosidagi bunday tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham tashkil etilyapti.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid