Oʻzbekistonda togʻ va adirlar Turkiya tajribasi asosida oʻzlashtiriladi

Shuningdek, Saudiya bilan hamkorlik loyihalarida jami 2,5 milliard dollar mablagʻni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. 

Jamiyat
10-iyun, 15:29
Oʻzbekistonda togʻ va adirlar Turkiya tajribasi asosida oʻzlashtiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Turkiya Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha kelgusi rejalar koʻrib chiqildi.

Davlat rahbari oʻtgan hafta Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida koʻplab kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv yakunlari boʻyicha 10,1 milliard dollarga teng 158 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ushbu loyihalar sanoat, energetika, togʻ-kon va geologiya, transport, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi sohalarini qamrab olgan.

Yigʻilishda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida koʻriladigan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berildi.

Xususan, ikki mamlakat oʻrtasidagi Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish, toʻqimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, hunarmandchilik mahsulotlariga tarif va boj stavkalarini kamaytirish, Istanbul shahrida Oʻzbekistonning savdo vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan.

Turkiya tajribasi asosida togʻ-adirlarni oʻzlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda qishloq xoʻjaligini sugʻurtalash tizimini joriy qilish, xalqaro standartlarga mos oʻzbek-turk Urugʻchilik test markazini ochish moʻljallangan.

Prezident Turkiyaning yirik kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Saudiya Arabistoni bilan ham investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda, qator yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangan, sarmoyalar portfeli tobora kengayib bormoqda. Podshohlik kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 24,1 milliard dollarlik 34 ta investitsiya loyihasi roʻyxati shakllantirilgan.

Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda jami 2,5 milliard dollar mablagʻni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Shu jumladan, yil yakuniga qadar transport, raqamlashtirish, infratuzilma, sogʻliqni saqlash, energetika sohalarida qoʻshimcha 13 ta loyihalar doirasida 1,5 milliard dollar investitsiya oʻzlashtirilishi kutilmoqda.

Yigʻilishda Oʻzbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi ishini yanada faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Kengash doirasida shakllantirilgan ekologiya, togʻ-kon, moliyaviy hamkorlik sohalarida qiymati 6,5 milliard dollarlik yangi istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralarni yakuniga yetkazish va amaliy ishlarni boshlash muhimligi qayd etildi.

Prezident hisobot va rejalar bilan tanishib, mutasaddilarga xorijiy investitsiyalarni toʻliq va sifatli oʻzlashtirish choralarini koʻrish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatishni topshirdi.

Investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalarni tizimli hal etib borish vazifasi qoʻyildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+