Mazut va koʻmir 2 yilga bojdan ozod qilinadi
Kuz-qishga tayyorgarlik ishlariga oʻtgan yilgi 14 trillion soʻmga qoʻshimcha yana 14 trillion soʻm ajratiladi.

Mazut va koʻmir 2 yilga bojdan ozod qilinadi, koʻmir importi uchun 3 yil muddatga revolver kreditlar beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugungi yigʻilishda aytib oʻtdi.
Yigʻilishda mutasaddilar va hokimlar oldiga yaqin muddatda aholi va ijtimoiy soha uchun 1 million 200 ming tonna, yil yakunigacha yana shuncha koʻmir yetkazib berish, 1 oktabrgacha 600 ming tonna koʻmir va 350 ming tonna mazut zaxirasini yaratish vazifasi qoʻyildi.
Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga oʻtgan yilgi 14 trillion soʻmga qoʻshimcha yana 14 trillion soʻm ajratiladi.
“Endi “muddat kam edi, mablagʻ boʻlmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yoʻq”, deya prezident mutasaddilarni ogohlantirdi.
Shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarishni koʻpaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. 11 ta quyosh va 3 ta shamol stansiyasi shular jumlasidan.
Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani kapital taʼmirlash, 595 kilometr elektr tarmogʻi va 4 ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.
Gaz bosimi past, yoʻqotishlar yuqori mahallalardagi xonadonlarning gaz taʼminotini uch bosqichli tizimdan ikki bosqichliga oʻtkazish rejalashtirilgan. Oktabr-dekabr oylarida isteʼmolchilarga 163 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish topshirildi.
Shuningdek, viloyat hokimlariga 300 dan ziyod olis mahalla uchun koʻmir, suyultirilgan gaz va asosiy turdagi oziq-ovqat zaxirasini yaratishga topshiriq berildi.