Qirgʻiziston Ukraina boʻyicha tinchlik sammitiga bormaydi
BMT bosh kotibi Antonio Guterrish ham sammitda ishtirok etmaydi. Xitoy ham tadbirlarda qatnashmasligi kutilmoqda.

Qirgʻiziston Shveysariyada boʻlib oʻtadigan Ukraina boʻyicha tinchlik sammitida ishtirok etmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Edil Baysalov Deutsch Welle telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Siyosatchiga koʻra, Qirgʻiziston Ukraina tomoni bilan yaqin aloqada.
“Davlatimiz rahbari boshidanoq respublikamiz Ukrainaga ham, Rossiyaga ham birdek munosabatda boʻladigan pozitsiyaga amal qilishini eʼlon qilgan edi, bular bizga yaqin ikki davlatdir...
Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari Qirgʻiziston haqiqatan ham mojaroga chek qoʻyilishini istayotganini taʼkidladi.
"Ukraina tomoniga barcha sabablarimizni ularga yetkazdik. Ukraina esa bizning pozitsiyamizni qabul qildi", - dedi siyosatchi rad javobini izohlar ekan.
Shuningdek, BMT bosh kotibi Antonio Guterrish ham sammitda qatnashmaydi. Lekin BMT vakillari tadbirlarda ishtirok etishi aytilgan. 80 dan oshiq davlat oʻz ishtirokini bildirgan. Ularning koʻpchiligi Gʻarb davlatlaridir.
Eslatib oʻtamiz, Ukraina boʻyicha tinchlik sammiti 15-16 iyun kunlari Shveysariyada boʻlib oʻtadi. Tadbirning asosiy maqsadi BMT Nizomi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga asoslangan tinchlik takliflarini muhokama qilish, shuningdek, Ukrainada tinchlik jarayonini ragʻbatlantirishdan iborat.
Avvalroq Xitoy Shveysariyadagi Ukraina boʻyicha tinchlik sammitida ishtirok etishdan bosh tortgan edi.