Prezident Yashnoboddagi mahalla sharoitlari bilan tanishdi

Shuningdek,  Yakkasaroyda yangi  ssv sporti havzasi ochildi. Majmua bir vaqtning oʻzida 100 kishiga xizmat qila oladi.  

Jamiyat
8-iyun, 7:13
Prezident Yashnoboddagi mahalla sharoitlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida bunyod etilgan suv sporti saroyini koʻzdan kechirdi va Yashnoboddagi mahallada boʻldi

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan. Eʼtiborlisi, bu yerda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan.

50 metrli basseyn va 500 oʻrinli tomoshagohga ega katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoamizning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun zamonaviy sharoitlar bor. Balandlikdan sakrash va kichik havzalarda bolalar suv sportini oʻrganadi. 

Majmuada yoshlar, mehnat jamoalari va faxriylar salomatliklarini mustahkamlashi mumkin. U bir vaqtning oʻzida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega.

Ikkinchi qavatda maʼmuriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan. 

Majmua negizida Suv sporti maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu yerda yosh sportchilarning mashgʻulotlarini kuzatdi. Ularning intilishlarini qoʻllab-quvvatlab, ulkan yutuqlarga ruhlantirdi.

Bu yil Parij shahrida oʻtkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidan 13 nafar sportchi litsenziya qoʻlga kiritgan. Prezidentimiz mazkur sportchilar va murabbiylar bilan suhbatlashdi.

- Shaharu qishloqlarda sport majmualari qurib, uni ommalashtirishga katta eʼtibor berayamiz. Chunki sport bilan shugʻullangan yoshlar kam boʻlmaydi, sogʻlom boʻladi, bolalariniyam shunday tarbiyalaydi. Sizdek professional sportchilar bu yoʻlda yoshlarga ham iftixor, ham oʻrnak boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bundan tashqari poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Dilbogʻ mahallasida boʻlib, aholi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Mahallada 5 ming 200 nafardan ortiq aholi yashaydi. 26 ta koʻp qavatli uy, maktab va bogʻchalar, savdo shoxobchalari  atrofi obod qilingan.

Dilbogʻliklar asosan tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shugʻullanadi. 15 ta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi, bitta ishlab chiqarish korxonasi, taʼlim muassasalarida aholi doimiy ish bilan band.

Oʻtgan yili aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 13 ta loyihaga kredit ajratilgan. 300 ga yaqin fuqaro yangi ishga joylashtirilgan. Yoshlarni kasbga oʻrgatish uchun monomarkaz tashkil etilgan.

Davlat rahbari mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi.

Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Toshkent shahar futbol akademiyasi shu mahallada joylashgan. 

Zamonaviy majmuada yopiq va ochiq sport maydonlari, nazariy mashgʻulot xonalari, yotoqxona, oshxona va kutubxona mavjud. Hozir bu yerda 12 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 154 nafar bola saboq olmoqda. Mashgʻulotlarga chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan. Stadionlar yoritish va tasvirga olish qurilmalari bilan jihozlangan.

Prezident akademiya tarbiyalanuvchilari va sport sohasi masʼullari bilan suhbatlashdi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+