Oʻzbekiston tarixda ilk bor BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga saylandi
Kengash BMTning asosiy organi boʻlib, iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha masʼuldir.

Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga saylandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
2024 yil 7 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida 2025-2027 yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi aʼzolariga saylov boʻlib oʻtdi.
Yashirin ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi BMTga aʼzo davlatlarning 185 nafar ovozini oldi va oʻz tarixida birinchi marta Kengash aʼzoligiga saylandi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur Kengash BMTning asosiy organi boʻlib, tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼuldir. Ushbu tuzilma Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida barqaror rivojlanishning barcha uch yoʻnalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan ragʻbatlantirish boʻyicha asosiy oʻrinni egallaydi.
U uch yillik muddatga saylanadigan 54 aʼzodan iborat.