Arzon narx sababli gaz yetkazib berish boʻyicha Rossiya-Xitoy kelishuvi imzolanmadi

Bu holat Rossiya iqtisodiy yordam uchun Xitoyga tobora koʻproq qaram boʻlib qolayotganini isbotlaydi. 

Tahlil
8-iyun, 19:54
Arzon narx sababli gaz yetkazib berish boʻyicha Rossiya-Xitoy kelishuvi imzolanmadi

Rossiyaning Xitoy bilan yirik gaz quvuri boʻyicha bitim tuzishga urinishlari Pekinning narx va yetkazib berish boʻyicha shartlari Moskva uchun asossiz koʻringani bois toʻxtab qolganFinancial Times koʻplab manbalarga tayangan holda shu haqda xabar bermoqda.

Pekinning “Sibir qudrati 2” (“Sila Sibiri 2“) quvuriga nisbatan qatʼiy pozitsiyasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bois Putin iqtisodiy yordam uchun Xitoy yetakchisi Si Szinpinga tobora koʻproq qaram boʻlib qolayotganini isbotlaydi. 

Vaziyatdan xabardor manbalarning taʼkidlashicha, Xitoy Rossiya tomonidan subsidiyalangan ichki narxlarga yaqin narx belgilashni talab qilib, yillik rejalashtirilgan 50 milliard kub metrli quvvatning faqat bir qismini sotib olish majburiyatiga rozi boʻlgan. 

Gaz quvuri qurilishi maʼqullansa, Rossiyaning davlat gaz eksporti boʻyicha monopolisti "Gazprom"ning ogʻir moliyaviy ahvoli yaxshilanadi, Rossiya gʻarbida joylashgan, bir paytlari Yevropani taʼminlagan gaz konlari bilan Xitoyni tutashtiradi. 

Oʻtgan yili "Gazprom" Yevropaga gaz sotishning keskin pasayishi fonida 629 milliard rubl (6,9 milliard AQSh dollari) zarar koʻrdiki, bu oxirgi chorak asrdagi eng katta yoʻqotish hisoblanadi. Yevropa esa Rossiya energetikasiga muqobil variantlar topishda va aholisini energiya bilan taʼminlashda kutilganidan ham kattaroq muvaffaqiyatga erishdi.

Rossiya “Sibir qudrati-2” boʻyicha “yaqin kelajakda” kelishuvga erishishiga ishonchi komil ekanini taʼkidlagan boʻlsa-da, ayrim manbalarga koʻra, “Gazprom” rahbari Aleksey Miller oʻtgan oyda Rossiya rahbarining Pekinga davlat tashrifi chogʻida Putinga hamrohlik qilmaganiga ham aynan gaz quvuri boʻyicha muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolgani sabab boʻlgan. 

Gaz quvuri boʻyicha kelishuv Putinning Si Szinpin bilan uchrashganida qoʻygan uchta asosiy iltimoslaridan biri boʻlgan. Muammo bilan yaxshi tanish shaxslarning soʻzlariga koʻra, qolgan ikkitasi – Xitoy banklarining Rossiyadagi faoliyati hamda Xitoyning shu oy Ukraina tomonidan tashkil etiladigan tinchlik konferensiyasida qatnashishdan bosh tortishi bilan bogʻliq.

Quvur boʻyicha kelishuvga erishishga hali erta. Xitoy banklari bilan taklif qilingan hamkorlik esa Rossiya soʻraganidan ancha kichikroq miqyosda qolmoqda. 

Berlindagi Karnegi Rossiya-Yevroosiyo markazi direktori Aleksandr Gabuyevning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning kelishuvni taʼminlay olmagani – Ukrainadagi urush tufayli Xitoy mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlardagi eng katta hamkorga aylanganini koʻrsatadi. 

“Xitoy Rossiya gaziga strategik jihatdan, yaʼni Tayvan yoki Janubiy Xitoy dengizi atrofida dengiz mojarosi yuzaga kelgan taqdirda yopib qoʻyilishi mumkin boʻlgan dengiz yoʻllari bilan bogʻliq boʻlmagan xavfsiz taʼminot yoʻli sifatida kerak boʻlishi mumkin”, deydi Gabuyev. "Ammo buni foydali qilish uchun Xitoy haqiqatan ham juda arzon narx va oʻziga qulay majburiyatlarni talab qiladi."

Kolumbiyaning CGEP kompaniyasi tomonidan may oyida chop etilgan hisobotga koʻra, Xitoyning import qilinadigan gazga boʻlgan talabi 2030 yilga kelib 250 milliard m3 ga yetishi kutilmoqda. 2023 yilda bu koʻrsatkich kamroq – 170 milliard m3 boʻlgan edi.

Ushbu hisobotda aytilishicha, 2030 yilga boʻlgan talab darajasi quvurlarni yetkazib berish va suyultirilgan gaz uchun mavjud shartnomalar orqali qondirilishi mumkin. Biroq, 2040 yilga kelib, Xitoyning import talabi va mavjud gaz sotib olish majburiyatlari oʻrtasidagi farq 150 milliard m3 ga yetadi.

Rossiyaning gaz eksporti uchun muqobil quruqlik yoʻlining yoʻqligi “Gazprom” Xitoyning shartlariga rozi boʻlishi mumkinligini anglatadi, deydi Gabuyev.

"Xitoy vaqt oʻz tomonida ekaniga ishonadi. Xitoyda ruslardan eng yaxshi shart va narxni “savdolashish” va Xitoy-Rossiya munosabatlarida eʼtibor boshqa jihatga koʻchishini kutish imkoniyati mavjud”, deydi u. “Quvurni tezda qurib bitirish mumkin, chunki gaz konlari allaqachon oʻzlashtirilgan. Oxir-oqibat, ruslarning bu gazni sotishning boshqa variantlari yoʻq.

Ukrainadagi urushdan oldin Gazprom Rossiyaning ichki bozorini subsidiyalash yukini Yevropaga yuqori narxlarda gaz sotish bilan muvozanatlashtirar edi. 

CGEP tadqiqotchilari 2019-21 yillardagi bojxona maʼlumotlariga tayanib maʼlum qilishicha, Xitoy hozir ham gaz uchun Rossiyaga boshqa yetkazib beruvchilarga nisbatan kamroq – bir million Britaniya issiqlik birligining (BIB) oʻrtacha narxi 4,4 AQSh dollarini tashkil etmoqda. 

(BIB, inglizcha BTU - British thermal unit. Ingliz oʻlchov birligiga koʻra, 1 funt suvni Farengeyt boʻyicha 1 daraja haroratga qadar isitish uchun sarflanadigan energiya. 1 BTU 252 kaloriyaga teng – tahr.)

Hozirda Myanma gazi uchun bu birlik bahosi 10 AQSh dollari va Oʻzbekiston uchun 5 AQSh dollariga teng.

Rossiya markaziy banki eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, xuddi shu yillarda Rossiya Yevropaga har million BIB uchun taxminan 10 AQSh dollari miqdorida gaz eksport qilgan.

2023 yilda "Gazprom"ning Yevropaga eksporti 22 milliard m3 kamaydi. Ukrainaga toʻliq miqyosda bostirib kirishdan oldingi oʻn yil ichida bu koʻrsatkich yiliga oʻrtacha 230 milliard m3 boʻlgan. 2023 yil oxirida Ukraina bilan gaz tranziti boʻyicha shartnoma muddati tugaganidan soʻng, bu miqdor yanada kamayishi mumkin.

Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini koʻpaytirish boʻyicha kelishuvga erisha olmaslik Rossiya uchun yana bir kuchli zarba boʻladi. Yaqinda Rossiyadagi yirik banklardan birining eʼlon qilinmagan, biroq Financial Times tanishgan hisobotiga koʻra, "Sibir qudrati 2" "Gazprom" uchun asosiy prognozidan chiqarib tashlangan. Bu kompaniyaning 2029 yil – bank loyiha ishga tushishini kutgan davr uchun uchun kutilgan foyda prognozini deyarli 15 foizga kamaytiradi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+