Toshkent-Tolibon: istiqbol va muammolar
Oʻzbekiston afgʻon muammosi masalasida doimo oltin oʻrtaliq, aytish joiz boʻlsa, ehtiyotkorlikka rioya qilib kelmoqda, keskin va qiziqqon qarorlar chiqarish hamda shoshma-shosharlik xislatlari ustuvor siyosatdan uzoq turmoqda.
Oʻzbekistonning “Tolibon” harakati bilan munosabatlari tarixi SSSR va Afgʻoniston munosabatlarining davomi hisoblanadi.
Biroq bu munosabatlarning formati, koʻlami va shakli mustaqillikdan soʻng koʻp marta oʻzgargan. Bu nafaqat Oʻzbekiston hukumatidagi oʻzgarishlar, balki “Tolibon”ning ichki va tashqi siyosatining oʻzgarishlari bilan ham bogʻliq.
Birinchi “Tolibon” hokimiyati
Mustaqillik avvalida Afgʻonistonni shunchaki notinch hudud sifatida koʻrgan oʻzbek hukumatining, aniqrogʻi, Islom Karimovning siyosati bu qoʻshni davlat va undagi siyosiy jarayonlardan bir tomonlama ihotalanish shaklida boʻlgan.
Biroq 1996 yil 27 sentabrda “Tolibon” poytaxt Qobulni jangsiz mahv etib, Afgʻoniston Islom Amirligi tuzilganini eʼlon qildi. Oʻzbekiston ham mintaqadagi boshqa davlatlar qatorida urushlar tinchimayotgan ushbu diyorga munosabatni oʻzgartirish kerakligini anglay boshladi.
Garchi Markaziy Osiyoning har bir davlati toliblar bilan munosabatda ayricha qarorlar va qarashlarga ega boʻlsa-da, umumiy maqsad Afgʻonistondagi mojaro olovining mintaqaga oʻtmasligini taʼminlashga qaratilgan.
Oʻzbekiston esa Rossiya bilan hamkorlikda Afgʻonistonda oʻziga xos bufer hudud yaratishga kirishdi. Toshkent buning uchun Afgʻonistondagi oʻzbek millatiga mansub dala qoʻmondonlaridan foydalandi. Tolibonga qarshi harbiy-siyosiy kuchlarni qoʻllab-quvvatlashga urgʻu berildi. Oʻzbekiston “baxtiga” bu dala qoʻmondonlari, masalan, Abdulrashid Doʻstum ham aksiltolibon pozitsiyada edi.
Rossiya va Tojikiston esa Burhoniddin Rabboniy boshliq tojik hukumati bilan aloqalarni kuchaytira boshladi. Biroq, ekspertlarning aytishicha, bunday siyosat – milliy ozchiliklarga tayanish alal-oqibat samarasiz va xato ekani maʼlum boʻldi.
1999 yil oʻrtalaridan boshlab, Oʻzbekiston “Tolibon” bilan ikki tomonlama munosabatlar oʻrnatish uchun dastlabki amaliy qadamlarni qoʻya boshladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozim, oʻsha paytda prezident Karimovni Afgʻonistondagi vaziyat va bu oʻlka bilan aloqalar oʻrnatishdan koʻra, “Oʻzbekiston Islom Harakati” (OʻIH) koʻproq qiziqtirgan. Zero “Tolibon” bu harakat bilan ittifoqdosh boʻlgan.
Egizak binolarning portlatilishi
2001 yil 11 sentabrda Nyu-Yorkdagi egizak binolarning portlatilishi, bu terrorchilik aktining asosiy rahnamosi sifatida koʻrilgan Usoma bin Lodinning Afgʻoniston, aniqrogʻi, “Tolibon”dan panoh topishi xalqaro munosbatlar tizimiga bir qancha oʻzgarishlar kiritdi. Afgʻonistondagi Bomiyon buddaviy yodgorligini portlatgan, xorijiy fuqarolarni garovga olib tovon puli talab qilgan, hukumat va xalqaro missiyalarga qarshi turli terrorchilik aktlari uyushtirgan, yirik terrorchi guruh va shaxslarga boshpana bergan “Tolibon” harakati aksariyat davlatlar tomonidan terrorchi harakat deya baholandi va bu maqom milliy qonunlar bilan belgilab qoʻyildi. Masalan, Rossiya va Qozogʻistonda ham “Tolibon” terrorchi tashkilot sifatida eʼlon qilindi va u bilan aloqalar jinoiy taʼqib uchun asos hisoblandi. Biroz oldinroq ketib aytilsa, faqat 2024 yilga kelibgina Rossiya toliblarni bu maqomdan chiqarish uchun harakat boshladi. Qozogʻiston esa 2024 yil iyun oyida bu harakatni terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqardi.
2001 yil 11 sentabr voqelari ortidan AQSh, Buyuk Britaniya hamda bir necha ittifoqdosh davlatlar BMT mandatini olgan holda global aksilterror harbiy koalitsiya tarkibida Afgʻonistonga qoʻshin kiritdi. Eng asosiy nishon esa, tabiiyki, “Tolibon” harakati edi. Koalitsiya oʻzbek va tojik dala qoʻmondonlaridan iborat “Shimoliy alyans” bilan ittifoqchilikda “Tolibon”ni agʻdarishga muvaffaq boʻldi. Afgʻonistonning yangi hukumati tuzildi.
Albatta “hoʻl-quruq baravar yongan” sharoitda “Tolibon” bilan aloqalarni davom ettirish haqida gapirish ortiqcha edi. Biroq Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan bogʻlovchi eng qulay quruqlik yoʻliga doxil davlat sifatida Xalqaro koalitsiyaga bilvosita yordam berdi. Harbiylar va harbiy texnikalar logistikasining samaradorligini taʼminladi.
Hatto Oʻzbekistonning ayrim shaharlaridagi harbiy bazalar hududi AQSh (Xonobod shahrida) va Germaniya (Termiz shahrida) harbiy kuchlari uchun ijaraga berildi. Xususan, 2001 yil 7 oktabrda imzolangan ikki tomonlama kelishuvga muvofiq, Qarshiga yaqin Xonobod shahridagi aviabaza hududiga AQSh harbiy aviabazasi (amerikaliklar talqinida – K-2 bazasi) joylashtirildi. AQSh bu yerda sezilarli rekonstruksiya oʻtkazib, yiliga 10 mln. dollar toʻlay boshladi.
(Bu baza 2005 yilda Oʻzbekiston tomonining tashabbusi bilan yopildi. Shu yili oktabr oyida bu baza Qirgʻizistonning Manas shahriga koʻchirildi. 2005 yil 21 noyabrda AQShning oxirgi samolyoti Xonobodni tark etdi.)
Ikkinchi toʻlqin
Bu davrda “Tolibon” harakati jangarilarining qolgan-qutganlari partizanlik harakati sifatida faoliyatini davom ettira boshladi. Ayrim “Tolibon” jangarilari ham asosan pushtunlar mintaqa, hukumat va chegara nazorati juda sust boʻlgan Pokistonning Vaziriston viloyatiga qochib oʻtishdi. Zero, 2000 yillardan boshlab Vaziriston toliblar uchun tayanch mintaqa vazifasini oʻtay boshlagan. Ular mahalliy oqsoqollar va qabila boshliqlarini siqib chiqarib, 2004 yilda amalda mahalliy hokimiyat egalariga aylanib olishdi. Pokiston armiyasining ojizligidan foydalangan toliblar oʻzaro urushlarda gʻolib chiqib, 2006 yil 14 fevralda Pokiston hududida Vaziriston Islom Amirligi (VIA) tuzilganini eʼlon qilishdi va bu yerda shariat ahkomlari asosida hukm surishlari haqida Pokiston hukumatini xabardor etishdi. Hukumat bunga majbur rozi boʻldi. (Biroq VIA kvazidavlati hech bir mustaqil davlat hamda BMT aʼzolari tomonidan tan olinmagan va xalqaro hamjamiyat uni hamon Pokiston hududi deya tan oladi.)
2009 yildan boshlab toliblarning Afgʻonistondagi harbiy harakatlari yana avj oldi. 2014 yil mart oyiga kelib, ular amalda Afgʻonistonning 70 foiz hududini nazorat qilayotgan edi.
Oʻzbekiston hukumati de-fakto Afgʻonistonni boshqarayotgan “Tolibon” bilan aloqalarni tiklash uchun harakat qila boshladi. Chunki Oʻzbekistonning eng yaqin dengizga – Pokiston va Erondagi dengiz portlariga chiqish yoʻllari Afgʻonistondan oʻtadi. Nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy manfaatlar ham kimligidan, legitim yoki legitim emasligidan qatʼi nazar, amaldagi siyosiy qudrat egasi bilan aloqalarni tiklashni talab qilar edi.
2018-2020 yillar “Tolibon” vakillarining muzokaralar uchun tashabbuslariga boy davr boʻldi. Biroq, Oʻzbekiston uchun eng ahamiyatli voqea – 2018 yil mart oyida Toshkentda oʻtkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik, va mintaqaviy munosabatlar” forumining oʻtkazilishi boʻldi.
Shuningdek, 2021 yil iyul oyida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Chaqiriqlar va imkoniyatlar” mavzusida yuqori darajali anjuman natijalari ham Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishidan manfaatdorligini koʻrsatib berdi. Buning bir necha sabablari bor edi.
Avvalo, Afgʻoniston Oʻzbekiston sanoatining bir qator yoʻnalishlari uchun muhim bozor, qolaversa, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Fors koʻrfazi va Hind okeani havzasidagi davlatlar bilan aloqa oʻrnatishdagi vosita sifatida koʻrila boshladi.
Zero, bu davrga kelib (2016 yildan boshlab), Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish strategiyasi oʻzgardi: mamlakat iqtisodiyotning import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish modelidan – eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiyot modeliga oʻta boshladi.
Yillar oʻtib, “Tolibon” amalda rasmiy Qobul yurisdiksiyasi taʼsir qilmaydigan barcha hududlarni qoʻlga olgach, 2021 yil 15 avgustda poytaxt Kobulni ham egalladi. Butun dunyo tan olgan va hamon tan oladigan Afgʻoniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf Gʻani samolyotda xorijga qochib ketdi va quvgʻindagi hukumat boshligʻi maqomi bilan shu yili 18 avgustda BAAdan siyosiy boshpana olishga muvaffaq boʻldi. Hukumat, armiya va politsiya ham oʻz-oʻzidan tarqalib ketdi. Ayrimlari “Tolibon” safiga oʻtdi. Shimoliy alyans rahbariyati va askarlari Hayraton koʻprigi orqali Oʻzbekistonga qochib oʻtishga urinishdi. Afgʻoniston Harbiy havo kuchlarining ayrim uchuvchilari parvoz apparatlari bilan birga Oʻzbekiston va Tojikiston hududiga uchib oʻtishga majbur boʻldi. Keyinchalik toliblar bu aviatexnikalarni qaytarishni talab qildi. AQSh rozi boʻlmaslikka chaqirdi. Oʻzbekiston bu uchish apparatlari AQShniki ekanini aytib, ularni qaytarishdan bosh tortdi. Bu masala Oʻzbekiston hukumati va “Tolibon” oʻrtasidagi munosabatlar bir qadar sovuqlashuviga olib keldi.
Shunga qaramasdan, ayni yilning avgust oyida Oʻzbekiston 150 nafar afgʻonistonlik qochqinni “Tolibon”ning xavfsizlikni taʼminlash kafolati ostida ularga qaytardi.
2021 yil 31 avgustdan boshlab AQSh harbiy kuchlari oʻz harbiy operatsiyalarini yakunlab, Afgʻonistondan chiqib keta boshladi. “Tolibon” harakati amalda Afgʻonistonning yagona egasiga aylandi.
Albatta, tan olish kerak, de-fakto Afgʻonistonni boshqarayotgan toliblar bilan munosabatlarda Oʻzbekiston Turkmaniston, Xitoy, Pokiston, Qatar, Turkiya, Eron va Rossiyadan koʻra bosiqroq siyosat yuritdi. Xususan, Toshkent “Tolibon” diplomatlarini hatto chargé d'affaires (fr. ishonchli vakil – diplomatik vakolatxona boshligʻining diplomatik lavozimi) martabasida ham akkreditatsiya qilishdan tiyilib kelmoqda.
Umuman olganda, Oʻzbekistonning toliblar Kobulni egallashi arafasidagi pozitsiyasi - harbiy-chegara xavfsizligini taʼminlash hamda Afgʻonistondagi har ikki yetakchi hukumat – Afgʻonistonning xalqaro tan olingan rasmiy hukumati va “Tolibon” harakati bilan parallel ravishda muloqotlarni davom ettirishida namoyon boʻldi.
Jumladan, 2021 yil iyul oyida oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Chaqiriqlar va imkoniyatlar” konferensiyasi maydonchasida Afgʻonistonda barqarorlik masalasida AQSh, Afgʻoniston, Pokiston va Oʻzbekiston vakillaridan iborat yangi muzokaralar guruhi tashkil etilishi eʼlon qilindi.
Biroq oʻtgan davr mobaynida AQSh tashabbusi hech bir tarzda amalga tatbiq etilmadi. Chunki ularda avval boshdan Afgʻonistondagi oʻzgaruvchan vaziyat inobatga olinmagan edi. Oʻzbekiston AQShning S5+1 loyihasida (Markaziy Osiyo davlatlari + AQSh) ishtirok etishi – tashqi siyosatda jahon siyosiy taʼsir markazlari bilan birdamligini namoyish uchun kerak edi xolos.
2021 yil 17 avgust kuni Oʻzbekiston TIV Afgʻoniston boʻyicha “Afgʻoniston ichidagi kuchlarning inklyuziv hukumatni shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qoʻllab-quvvatlaymiz”, deya rasmiy bayonot berdi. Hukumat tranziti tinch yoʻl bilan amalga oshishiga umid bildirdi. Bu davrda Oʻzbekistonning tegishli tuzilmalari va “Tolibon” oʻrtasidagi aksilterror hamkorlik borasidagi ayrim voqealar ham diqqatga sazovor.
Masalan, 2022 yil avgust oyida Termiz hududiga Afgʻoniston tomonidan raketalar otildi. IShID (“Islom davlati”) uyushtirgan deya talqin etilgan ushbu vaziyat yuzasidan Toshkent va “Tolibon” birgalikda tekshiruv oʻtkazishdi va bundan keyin bu kabi holatlar yuz bermasligi uchun tegishli choralar koʻrildi. Zero, 2015 yildan boshlab to hozirgacha “Tolibon” Afgʻonistonda IShID faoliyatiga qarshi tura oluvchi yagona kuch boʻlib qolmoqda. Oʻsha paytlarda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov: “Birinchidan, bir narsani tushunib yetishimiz kerakki, Afgʻonistondagi inqirozning harbiy yechimi yoʻq. Ikkinchidan, Afgʻoniston Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismiga aylandi. Uchinchidan, Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni yuzasidan yagona mantaqaviy va xalqaro qarorga kelish lozim” deya bayonot bergani ham Toshkentning oʻsha davrdagi pozitsiyasini koʻrsatib bera oladi.
Diplomatik saʼy-harakatlar
Diplomatik yoʻnalishda Oʻzbekistonning pozitsiyasi tobora aniqlashib, yaxlit tizim sifatida shakllanib bormoqda.
Xususan, Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston davlat boshqaruvida afgʻon jamiyatining barcha qatlamlari tamsil etilishini, shuningdek, asosiy inson huquqlari, jumladan, milliy ozchiliklarning huquqlari taʼminlanishi tarafdori ekanini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, Toshkent Afgʻonistonni xalqaro ihotalash gʻoyasiga qarshi turdi. Jumladan, Afgʻonistonning xorijdagi moliyaviy aktivlari muzlatib qoʻyilishini maʼqullamadi va bu pullar Afgʻonistonga qaytarilishi tarafdori ekanini taʼkidladi. Bunday qadam afgʻon diyorida iqtisodiy tiklanish hamda ijtimoiy muammolarni hal etishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Umuman olganda, Oʻzbekiston afgʻon muammosi masalasida doimo oltin oʻrtaliq, aytish joiz boʻlsa, ehtiyotkorlikka rioya qilib kelmoqda, keskin va qiziqqon qarorlar chiqarish hamda shoshma-shosharlik xislatlari ustuvor siyosatdan uzoq turmoqda. Shuningdek, Toshkent amaldagi afgʻon hukumatini, yaʼni “Tolibon”ni tan olish tarafdori boʻlganini ham taʼkidlash lozim. Jumladan, Xitoyda 2022 yilda 30-31 mart kunlari mintaqa davlatlarining vakillari ishtirokida oʻtgan uchrashuvda oʻzbek tomoni vakili Sardor Umurzoqov Afgʻonistondagi muvaqqat hukumatni xalqaro tan olishning samarali mexanizm va mezonlarini ishlab chiqish boʻyicha salmoqli takliflarini oʻrtaga tashlagan edi. Bunday qadam Afgʻonistonning mintaqa va xalqaro hamjamiyatga integratsiyasini tezlatishi eʼtirof etildi.
Evrilish uchun vaqt kerak
Aytish joizki, garchi xalqaro hamjamiyat va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining “Tolibon” bilan aloqalari yagona startegik maqsad – Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va bu mintaqadan terrorchilik, narkotiklar va qurol savdosi kabi turli xavflar ehtimolini bartaraf etish bilan ifodalansa-da, har bir davlatning oʻz manfaat va maqsadlari ham mavjud. Tabiiyki, bu davlatlarning “Tolibon” bilan munosabatlarida ustuvorlik iyerarxiyasi ham avvalo ana shu manfaatlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Qiyoslash oʻrnida aytilsa, Qozogʻiston uchun Afgʻoniston – don va un mahsulotlari uchun oʻta muhim bozor hisoblanadi. Shuningdek, xuddi Oʻzbekiston kabi Rossiya va Xitoydan tovarlarni oʻtkazish uchun tranzit vazifasini oʻtashi bilan ham diqqatga sazovor. Qolaversa, Qozogʻiston Kobuldagi elchixonasini hech qachon yopmagan va 2021 yildayoq “ikkinchi” toliblar hukumati bilan iqtisodiy aloqalarni oʻrnatgan davlat hisoblanadi. Yaqinda esa Qozogʻistonda “Toliblon” harakati terrorchilar roʻyxatidan chiqarilgani ham ushbu davlatning uzoqni koʻzlagan holda siyosat yuritayotganidan darak beradi.
Turkmanistonning “Tolibon” bilan aloqalari unikal hisoblanadi. Turkmaniston toliblarni tan olmagan holda 2021 yildan beri ular bilan aloqalarni rivojlantirishning uddasidan chiqmoqda. Qolaversa, Turkmaniston Toshkentdan farqli oʻlaroq, hech qaysi davrda “Tolibon”ga siyosiy-harbiy kuchlarni qoʻllab quvvatlamagan.
Garchi Ashxobod Oʻzbekiston kabi keng koʻlamli iqtisodiy manfaatlarni koʻzlamasa-da, ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirgan. Shulardan biri Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston gaz oʻtkazish quvuri loyihasi boʻlib, 2017 yilda uni ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlsa-da, amalga oshmay qoldi. Shuningdek, Eronning Chorbahor bandargohiga chiqish maqsad qilingan Kushka-Hirot temir yoʻli hamda koʻpgina boshqa energetik tizimlar bilan bogʻliq loyihalarni misol keltirish mumkin.
Tojikiston esa “Tolibon” bilan munosbatlarda nisbatan “sovuqroq” pozitsiyani egallab kelmoqda. Shunday boʻlsa-da, Tojikiston Afgʻonistonga elektr energiyasini sotishni toʻxtatmagan.
Tan olish joiz, shu paytgacha “Tolibon” Toshkentni xursand qila oladigan qadamlar qoʻymoqda, deb boʻlmaydi. Afgʻonistonda oʻzbek tilidan davlat tili maqomi olib tashlangani, maktablarda oʻzbekcha taʼlim taqiqlangani, hukumatda oʻzbek qatlamini tamsil etuvchi vakillar yoʻqligi, Alisher Navoiy xotirasiga oʻrnatilgan madaniy yodgorliklarning yoʻq qilingani va boshqa bir qator kichik, ammo dilni xira qiluvchi epizodlar fikrimiz isbotidir.
Biroq ayni sharoitda Oʻzbekiston va “Tolibon” oʻrtasida yetilib kelayotgan eng katta inqiroz – bu suv tanqisligi masalasi hisoblanadi. Toliblar Amudaryo suvining 20 foizini olib qoʻyadigan Qoʻshtepa kanalini qurgani tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar rivojiga taʼsir etmasdan iloji yoʻq. Ayrim ekspertlarning baholashicha, bu muammo borasida toliblar hukumati qaysarlik va aytish joiz boʻlsa, mensimaslik belgilarini namoyon etmoqda. Suv boʻyicha mintaqaviy va xalqaro muzokaralarda “Tolibon” tomoni konstruktiv takliflar bera olmayapti, qoʻshni davlatlarning manfaatlari bilan hisoblashmayapti. Zero shunday ham suv tanqisligidan qiynalayotgan Oʻzbekiston bu kanal bois katta muammolarga yuz tutishi prognoz qilinmoqda.
Qoʻshtepa kanali: muammoga yechim bormi? Siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbat
Shu bois, Toshkent va “Tolibon” oʻrtasidagi munosabatlarni yaqin kelajakda katta “syurpriz” kutyapti, deb boʻlmasa-da, ayrim burilishlar yasalishi ehtimolga yaqinroq. Biroq bundan-da ogʻir vaziyatlarda ham bosiqlik bilan oqilona qarorlari orqali yoʻl topa olgan Toshkent diplomatiyasi bu inqirozda har ikki tomon uchun maqbul yechimni taklif etishiga hech shubha yoʻq.
Qolaversa, tabiatda hamma narsa evirilishga, oʻzgarishga va moslashuvga mahkum. Faqat bu jarayonlar ayrim “narsa”lar uchun koʻproq vaqtni talab qilishi mumkin. Yuqorida koʻrsatilgandek, 2000-yillardagi “Tolibon” bilan hozirgi toliblar oʻrtasidagi farq juda katta. Bu esa hozircha gʻalaba eyforiyasidan mast boʻlib turgan, hamma narsani urush va zoʻravonlik bilan hal qila olishiga ishonchi baland toliblar ham vaqt oʻtishi va tegishli taʼsirlar ostida oʻzgarishini anglatadi. Zero, ihotalanish va xoʻrozlanish koʻpincha magʻlubiyatga eltadi, muvaffaqiyatga emas. “Tolibon” buni anglab yetishi uchun biroz vaqt va hayotiy tajriba talab etiladi xolos.
Telegramda kuzatib boring!