Janubiy Koreya prezidenti Oʻzbekistonga keladi
Yun Sok Yol Markaziy Osiyoning uch davlatiga tashrif buyuradi.

Janubiy Koreya pezidenti Yun Sok Yol kelasi haftada Turkmaniston, Qozogʻiston va Oʻzbekistonga davlat tashrif buyuradi. Bu haqda Yonhap agentligi davlat rahbari idorasiga asoslanib xabar berdi.
Yun dushanba kuni birinchi xonim Kim Keon Xi hamrohligida olti kunlik safarga chiqadi va 15 iyungacha Markaziy Osiyoning uchta davlatiga tashrif buyuradi, deydi Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi bosh oʻrinbosari Kim Tae Xyo.
"Qadimgi Ipak yoʻlining markazi boʻlgan Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyoni bogʻlovchi strategik nuqtadir", — dedi Kim matbuot anjumanida.
Uning aytishicha, "Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojaro kabi omillar taʼsirida global siyosiy inqiroz kengaygani sari mintaqaning strategik ahamiyat yanada ortib bormoqda".
Taʼkidlash lozimki, prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 sentabrda Janubiy Koreya rahbari bilan AQShda uchrashgandi.