platina.uz
Jamiyat

4 ta hududda soliqchilar pora bilan qoʻlga tushdi

DXX Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida soliq xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qoʻydi.

4 ta hududda soliqchilar pora bilan qoʻlga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida maxsus tadbir oʻtkazib, soliq xodimlarini pora ustida qoʻlga tushirdi.

Xususan, Qarshi tumani soliq inspeksiyasining sayyor soliq tekshiruvlari shuʼbasi bosh inspektori mahalliy 5 ta MChJ faoliyati yuzasidan joriy yilning sentabr oyiga qadar kameral soliq tekshiruvlari oʻtkazmaslik evaziga 2300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, u bu pulni viloyat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari shuʼbasi bosh inspektoriga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ham 2300 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Gʻijduvon tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori tuman markazidagi “Hoʻjai jahon” savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorni joriy yilning oxiriga qadar aylanma soliq toʻlovchisi toifasidan, har oyda 2 mln. 424 ming soʻm toʻlaydigan qatʼiy turdagi soliq toʻlovchisi toifasiga oʻtkazmaslik, kelgusida soliq idoralari tomonidan boʻladigan tekshiruvlardan himoya etish hamda uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 8 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida 6 oy mobaynida soliq tekshiruvlari oʻtkazmaslik, aksincha, uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 600 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga tuman soliq inspeksiyasining shuʼba boshligʻining aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi MChJ faoliyati boʻyicha oʻtkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasida aniqlangan 267 mln. 300 ming soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻi va 664 mln. 700 ming soʻm sof foyda soligʻini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining kameral nazorat shuʼbasining sobiq boshligʻi ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid