Yangi qonun mazmuni qanday va uni buzganlar qanday jazolanadi?

"Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida"gi qonunni sodda tilda misollar bilan shahrlashga harakat qildik.

Tahlil
6-iyun, 20:08
Yangi qonun mazmuni qanday va uni buzganlar qanday jazolanadi?
Fotokollaj: Platina.uz

Prezident 5 iyun kuni “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.

Ushbu qonun Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqni qoʻllash amaliyotida manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etiladi.

Qonunda davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar toʻqnashuvi, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha maxsus boʻlinma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar ochib berilgan.

Manfaatlar toʻqnashuvi nima degani?

Manfaatlar toʻqnashuvi – mansabdor shaxsning shaxsiy manfaatlari uning lavozim majburiyatlari hamda xizmat vakolatlari vazifalari va hamda vakolatlarini talab darajasida, xolis va begʻaraz bajarishiga taʼsir qiluvchi vaziyatdir. Boshqacha aytganda, maʼlum bir lavozimdagi mansabdor manfaatlari bilan uni yollagan tashkilot manfaatlari toʻqnash keladigan holatdir. Buni oddiy soʻz bilan tanish-bilishchilik va qarindosh-urugʻchilik deya baholash mumkin.

Masalan, bir firmaning marketing boʻlimi boshligʻiga firmaning yangi stil va logotipini ishlab chiqish topshiriladi. Boʻlim boshligʻi buyurtmani darrov oʻz akasining brending agentligiga beradi. Chunki bu yerda uning shaxsiy manffati bor – “pulni begona qilgisi” kelmaydi, ushbu buyurtmadan uning qarindoshi daromad topadi.

Biroq buning oqibati yomon – firma zarar koʻrishi mumkin. Chunki boʻlim boshligʻi boshqa agentliklardagi narxlar va xizmat sifatini tahlil qilib koʻrmagan, ulardan eng yaxshi va arzonrogʻini tanlay olmagan. Bu yerda boʻlim boshligʻining manfaatlari firma manfaatlari bilan toʻqnash kelmoqda.

Davlat tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvi

Masalan, soliq inspektori oʻz togʻasining firmasini soliq borasida tekshirishi lozim. Tekshiruv natijasida u daromad soliqlari toʻlanmaganini aniqlaydi. Biroq inspektor buni yashiradi. Chunki togʻasi javobgarlikka va jarimaga tortilishi mumkin.

Inspektorning shaxsiy manfaatlari davlat manfaatlari bilan toʻqnash kelgani natijasida byudjetga soliqlar tushmaydi, davlat zarar koʻradi.

Yoki boshqa misol. Yongʻinga qarshi kurash boshqarmasi xodimi oʻz sinfdoshining firmasida tekshiruv oʻtkazadi. Qoidabuzarliklar aniqlagan boʻlsa-da, unga jarima yozmaydi. Evaziga sinfdoshidan unga garaj qurib berishni soʻraydi. Bu oʻrinda inspektor oʻz tanishini jarimaga tortmaslik uchun shaxsiy manfaatga ega. 

Foyda koʻrish borasidagi manfaatlar

Ayrim hollarda manfaatlar xodim, xizmatchi yoki u bilan aloqador shaxslarning pul, mol-mulk yoki javob tariqasida xizmatlar koʻrsatishni talab qilishida koʻrinadi. 

Aytaylik, “A” kompaniyaning ekspeditori “B” kompaniyaning direktori bilan qarindosh. Ekspeditor tovar topishda “B” kompaniyaning manfaatlarini himoya qiladi. U qarindoshidan mukofot yoki pora olmasligi mumkin, lekin qarindoshiga “A” kompaniya hisobidan foyda koʻrishiga yordam beradi. 

Kimlar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb eʼtirof etiladi?

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs, shuningdek, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki aʼzosi boʻlsa, oʻsha yuridik subʼekt aloqador shaxs deb hisoblanadi. 

Qonunda manfaatdorlikka yoʻl qoʻymaslik, mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berish, shaxsiy manfaatlarini koʻzlab boshqalarni harakat (harakatsizlikka) majburlamaslik boʻyicha xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. 

Bunda manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi axborotni xodimlar tomonidan oshkor etish ikki shaklda – mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma berish va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida deklaratsiya toʻldirish orqali amalga oshiriladi.

Xodimga aloqador shaxslar davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha deklaratsiya toʻldirish majburiyatlari belgilangan.

Munosabatlarni tartibga solishda ichki nazorat vazifalari

Oʻz navbatida, davlat tashkilotlari, ularning odob-axloq komissiyalari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va kadrlar bilan ishlash boʻlinmalari manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishda ichki nazorat vazifalarini amalga oshiradi.

Qonunda manfaatlar toʻqnashuvini bir qator axborot manbalaridan aniqlash yoʻli bilan amalga oshirish belgilangan. Misol uchun, tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) roʻyxatlaridan; “Yagona milliy mehnat tizimi” qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysidan va boshqa manbalardan tekshirib koʻrish mumkin.

Shuningdek, qonunda manfaatlar toʻqnashadigan holatlarni tartibga solish boʻyicha bir qator choralar belgilangan. Misol uchun, kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda oʻzini oʻzi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish choralarini koʻrish orqali manfaatlar toʻqnashuvining oldi olinadi.

Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestri yuritiladi. Unda xabar berilgan, aniqlangan hamda tartibga solingan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.

Jarimaga tortish holatlari

Yuqorida manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berish majburiyati haqida soʻz yuritildi. Xoʻsh, bu majburiyatni bajarmaslik qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Qonunga koʻra, bunday holatlarda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima belgilanadi.

Agar ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etilsa, BHMning besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima qoʻllanilishiga sabab boʻladi.

Shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar koʻrmaganlik uchun BHMning besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.

Agar ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etilsa, BHMning oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima qoʻllanilishiga olib keladi.

Bunda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish bilan bogʻliq vazifalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilgan.

Qonun hayotga qanday tatbiq etiladi?

Qonunga koʻra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. 

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl quyilgan holda tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas, deb topiladi hamda bitim boʻyicha barcha olingan foyda davlat byudjetiga oʻtkaziladi.

Taʼkidlash lozim, “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun rasman eʼlon qilingan kundan 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+