Qozogʻistonga ishlash uchun borayotganlar ogohlantirildi
Ushbu mamlakatda migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida yirik reydlar oʻtkazilmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozogʻistonga ishlash uchun borayotgan fuqarolarni ogohlantirdi.
Joriy yilning 3 iyun kunidan boshlab, Qozogʻiston Respublikasining barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida "Nelegal-2024" reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ushbu reyd tadbirlari davomida Qozogʻiston hududida qonuniy boʻlib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar koʻrilmoqda.
Taʼkidlash joiz, qonunbuzilish holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida koʻp uchramoqda.
"Shu munosabat bilan, ushbu davlatga borayotgan va boʻlib turgan yurtdoshlarimizdan migratsiya qoidalariga rioya qilish soʻraladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston hududida 30 kun muddatgacha boʻlib turishi mumkin, ammo ushbu davr mobaynida mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi" deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, ishlash uchun ushbu davlatga borgan shaxsdan darhol ishlash uchun va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.
Avvalroq Rossiyada qonunni buzganlar Qozogʻistonda ham qoʻlga olinayotgani xabar berilgandi.
