Markaziy bank tarixda ilk bor zaxiralarni qimmatli qogʻozga oʻtkaza boshladi

Hozirgacha davlat regulyatori oltin-valyuta zaxiralarining 80 foizini oltinda va qolganini valyutada saqlab kelayotgan edi.

Iqtisod
6-iyun, 13:50
Markaziy bank tarixda ilk bor zaxiralarni qimmatli qogʻozga oʻtkaza boshladi
Foto: "Platina.uz"

Markaziy bank tarixda ilk marta oʻz zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida qimmatli qogʻozlarga birlamchi investitsiya kiritishni boshladi va hamda tegishli portfellar shakllantirildi.

Shu tariqa Markaziy bank zaxiralarning bir qismini qimmatli qogʻozlarga oʻtkaza boshladi. Hozirgacha davlat regulyatori oltin-valyuta zaxiralarining 80 foizini oltinda va qolganini valyutada saqlab kelayotgan edi.

Taʼkidlash kerak, oltin-valyuta zaxiralarining tarkibida oltin ulushini kamaytirish masalasi haqida 2019 yildan beri gapirib kelinadi. Markaziy bank raisi 2 yil avval oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish strategiyasini oʻzgartirish boshlanganini maʼlum qilgan edi.

Lekin oltinning bir qismi oʻrniga qimmatli qogʻozlar sotib olish rejasi amalga oshirilmay kelinayotgan edi. Oltin kotirovkalarining uzluksiz oʻsishi fonida 2022 yilning oxiriga kelib oltin ulushini kamaytirish oʻrniga bondlar sotib olish rejalaridan voz kechilgani eʼlon qilingan. 

Biroq soʻnggi yangilik Markaziy bank oltin oʻzining tarixiy maksimumlariga yetgani va kotirovkalar endi pasayib borishi mumkinligini eʼtiborga ola boshlaganidan darak beradi.

Joriy yilning 27-31 may kunlari Oʻzbekistonga kelgan Jahon banki Gʻaznachiligi ekspertlarining texnik koʻmak missiyasi faoliyati ham bunga taʼsir koʻrsatgani aytilmoqda.

Missiya davomida xalqaro zaxiralarni boshqarishda diversifikatsiyaning ahamiyati, jumladan, xorijiy davlatlar qimmatli qogʻozlarni zaxiralar tarkibiga kiritish, xatarlarni baholash hamda Markaziy bankning tegishli tarkibiy boʻlinmalari ish jarayonini samarali tashkil etish boʻyicha maxsus treninglar oʻtkazilgan.

Xususan, qimmatli qogʻozlarga investitsiya kiritishda risklarni boshqarish, savdo va hisob-kitob amaliyotlarini oʻtkazish, buxgalteriya hisobi va komplayens-nazoratni amalga oshirish masalalari yuzasidan malaka oshirildi.

Missiya yakunida Jahon banki Gʻaznachiligi ekspertlarining xalqaro zaxiralarni boshqarish va tegishli tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalari olindi hamda zaxiralar tarkibiga yangi moliyaviy instrumentlarni kiritishni davom ettirish va Markaziy bank xodimlari malakasini oshirishga doir kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishuvga erishildi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+