platina.uz
Jamiyat

Jazirama boshlanmoqda: issiq tanaga qanday taʼsir qiladi?

Maʼlumotlarga koʻra, har yili AQShda 700 dan ortiq odam kuchli issiqdan halok boʻladi. Ularning koʻpi yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekkan boʻladi. 

Jazirama boshlanmoqda: issiq tanaga qanday taʼsir qiladi?

Ayni kunlarda bahor deyarli tugab, yozning issiq kunlari boshlangan. Hatto ayrim hududlarda jazirama issiq aholini bezovta qila boshladi. Xoʻsh, issiqlik toʻlqinlari inson hayotiga qanday xavf tugʻdirishi mumkin?

Issiqlik hammaga taʼsir qiladi, ammo baʼzi zaif guruhlar, masalan, keksa odamlar va chaqaloqlar jiddiy zarar koʻradi. Yaʼni haddan tashqari issiqlik taʼsirida tana qizib ketganda qon tomirlari ochiladi. Bu qon bosimining pasayishiga olib keladi va qonni tanaga surish uchun yurak qattiqroq ishlashga majbur. Mazkur holat - qon tomirlari oqishi qichish, issiqlik toshmasi toshishi yoki oyoqlarning shishishi kabi yengil alomatlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, terlash suyuqlik va tuzning yoʻqolishiga sabab boʻladi va eng yomoni, tanada ular orasidagi muvozanat oʻzgaradi.

Alomatlar quyidagilarda namoyon boʻladi: bosh aylanishi, koʻngil aynishi, hushdan ketish, bosh ogʻrigʻi,kuchli terlash,charchoq, sovuq, rangpar va xiralashgan teri. Agar qon bosimi juda pasayib ketsa, yurak xuruji xavfi ortadi.

Nega bizning tanamiz bunday munosabatda boʻladi?

Odam tanasi har qanday ob-havoda 37 gradus asosiy haroratni saqlashga intiladi. Ammo ob-havo isishi bilan tananing asosiy haroratini pasaytirish uchun nima qilish kerak? Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) bu borada shunday maslahat beradi: yengil va mos kiyim kiyish, iloji boricha konditsionerdan foydalanish, ochiq havoda faoliyatni cheklash, koʻproq suyuqlik ichish, spirtli ichimliklardan cheklanish, quyosh kremlari va shlyapa yoxud shunga oʻxshash bosh kiyimlardan foydalanish, uzoq muddat berk boʻladigan transport vositalaridan foydalanmaslik va hokazo. Agar bunday ehtiyot choralari koʻrilmasa, odamni issiq urishi, natijada, uning harorati 40 gradusdan oshib, hatto yuqori darajadagi haroratni sezmasligi, umuman, oʻzida boʻlmasligi mumkin.

Kimlar koʻproq xavf ostida?

Keksalar yoki yurak xastaligi kabi uzoq muddatli kasallikka chalinganlar tanadagi issiqlik taʼsiriga dosh berolmaydi. Qandli diabetga chalinganlar ham bunga qodir emas, chunki bu kasallik tanadagi suvni tezroq yoʻqotishga olib keladi va uning baʼzi asoratlari qon tomirlari va terlash qobiliyatini oʻzgartirishi mumkin. Bolalar va kam harakatchan boʻlganlar ham bu borada zaifroq. Demans kabi miya kasalliklari ham odamlarni issiqdan bexabar qoldirishi yoki bu haqda miyaga hech qanday signal yubormasligi mumkin.

Issiqlik oʻldiradimi?

CDC maʼlumotlariga koʻra, har yili AQShda 700 dan ortiq odam haddan tashqari issiqdan halok boʻladi. Ularning aksariyati tana haroratini barqaror ushlab turishga urinish oqibatida zoʻriqishdan kelib chiqqan yurak xuruji yoki qon tomirlari bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekkan. Oʻlim xavfi yozning oʻrtalari yoki oxirlarida deyarli kuzatilmaydi. Xavf bahorda yoki yozning boshlarida yuqori harorat oqibatida inson hayotiga rahna solishi mumkin. Sababi biz yoz oʻtishi bilan kundalik ishlarimizni oʻzgartira boshlaymiz va issiqlik bilan kurashishga koʻproq koʻnikkan boʻlamiz. Maʼlumotlarga koʻra oʻlim surʼati issiqlik toʻlqining dastlabki 24 soatida oshishi mumkin ekan. Agar siz tavsiya etilgan yoʻl-yoʻriqlarga rioya qilsangiz, tashvishlanishga hojat yoʻq, deydi sohadagilar.

Soʻgʻdiyona Sobirova
OʻzDJTU talabasi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid