Dunyoda ilk bor odam parranda grippi A bilan kasallandi
Bemor aprel oyining oxirida vafot etgan.

Meksikada odamning parranda grippi A (H5N2) bilan birinchi kasallanish holati qayd etildi.
Kasallangan shaxs Meksika shtatida yashovchi 59 yoshli erkak boʻlgan, deb xabar bermoqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Jenevadagi shtab-kvartirasi matbuot xizmati.
Erkak 24 aprel kuni vafot etgan. U parranda yoki boshqa hayvonlar bilan aloqada boʻlmagan.
“17 aprel kuni bemorda isitma, nafas qisilishi, ich ketishi, koʻngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatildi. 24 aprel kuni bemor tibbiy yordam soʻrab, "Ismail Kosio Villegas" Milliy respirator kasalliklar institutiga yotqizilgan va ahvoli murakkablashgani sababli oʻsha kuniyoq vafot etgan”, — deyiladi xabarda.
JSST virusning odamlar orasida yanada tarqalish xavfini past deb baholamoqda. Shuningdek, mart oyida bemor yashagan Meksika shtati bilan chegaradosh Michoakan shtatidagi parrandachilik fermasida A(H5N2) parranda grippi epidemiyasi aniqlangani maʼlum qilingan.
Qoʻshma Shtatlarda H5N1 qush grippi sogʻin sigirlar orasida tarqalishda davom etar ekan, mamlakat odamlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan 5 million dozaga yaqin grippga qarshi vaktsinani tayyorlamoqda.
