Sardoba tumaniga yangi hokim tayinlandi
Avvalgi hokim Akmal Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimiga oʻrinbosar boʻlgandi.

Sardoba tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Xalq deputatlari Sardoba tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazildi.
Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev qatnashgan sessiya ishida tashkiliy masala koʻrildi.
Ayni kunga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan Karimov Ziyadulla Danabayevich tuman hokimi etib tasdiqlandi.
Ziyadulla Karimov 1979 yilda Sayxunobod tumanida tugʻilgan.2001 yilda Oʻzbekiston milliy universiteti, 2007 yilda Toshkent moliya instituti va 2010 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Eslatib oʻtamiz, avvalgi hokim Akmal Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlangandi.