platina.uz
Siyosat

Prezident Oʻzbekiston JSTga tez fursatda aʼzo boʻlishi muhimligini aytdi

Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi. 

Prezident Oʻzbekiston JSTga tez fursatda aʼzo boʻlishi muhimligini aytdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatning JSTga qoʻshilishi borasida koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qisqa muddat ichida Ishchi guruhning ikkita yigʻilishi oʻtkazilgani, aʼzo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilayotgani, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlangani va milliy qonunchilikni tashkilotning meʼyor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Xalqaro savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha oʻzbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, JSTning koʻmagi bilan Oʻzbekistonda Savdo siyosati boʻyicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etildi.

Davlat rahbari JST bosh direktoriga davra suhbatida ishtirok etgani va Oʻzbekistonning yetakchi universitetlari talabalari bilan uchrashgani uchun minnatdorlik bildirib, unga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabrikladi.

Uchrashuv yakunida Ngozi Okonjo-Iveala Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev ayrim kompaniyalarning eksklyuziv huquqlarini bekor qilish boʻyicha farmonni imzolagandi. Prezidentning bu farmoni JSTga aʼzo boʻlish yoʻlida muhim qadam ekani aytilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid