AQSh Xalqaro jinoiy sudga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
Bunga XJS prokurorining Isroil bosh vazirini hibsga olishga order soʻrashi sabab sifatida koʻrsatilmoqda.

AQSh Kongressining Vakillar palatasi (quyi palatasi) Xalqaro jinoyat sudga (XJS) AQSh va uning ittifoqchilariga nisbatan tergov oʻtkazganligi uchun sanksiyalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qildi.
Kongressmenlarning 247 nafari ushbu qonun loyihasini maʼqullagan, 155 nafari esa qarshi chiqqan. Garchi loyiha respublikachilar fraksiyasi tomonidan kiritilgan boʻlsada, 42 nafar demokratlar partiyasining deputati ham bu loyihani qoʻllab ovoz bergan.
Amalga tatbiq etish koʻzda tutilgan sanksiyalar orasida XJS xodimlariga AQShga kirish vizasi berishni rad etish, ularning AQShdagi aktivlarini muzlatish hamda Amerika fuqarolari va kompaniyalariga sanksiya roʻyxatidagi shaxslar bilan biznes yuritishni taqiqlash kabi cheklovlar mavjud.
Endi qonun loyihasi tasdiqlash uchun Senatga - Kongressning yuqori palatasiga yuboriladi. Oq uy yuqorida tilga olingan hujjatni qoʻllab-quvvatlamasligini allaqachon maʼlum qilgan.
Eslatish joiz, 20 may kuni XJS prokurori Xon Isroil Bosh vaziri Netanyahu, Mudofaa vaziri Galant, shuningdek, HAMASning uch nafar yetakchisini urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga olish uchun order berishni soʻragan edi.
Bunga javoban, Yahudiy davlatining Tashqi ishlar vazirligi Isroil bosh vaziri va mudofaa vazirini hibsga olish uchun order berilishining oldini olish maqsadida shtabini tuzgan. Netanyahu esa Gʻarbdagi barcha davlat rahbarlari bilan gaplashib, bunga yoʻl qoʻymaslik va XJSga bosim oʻtkazishni iltimos qilgan. Isroil rahbarlari, shuningdek, "XJS prokurorlari bizning safarlarimizni cheklashga urinmasin, avval oʻzi qanday safar qilishini oʻylab qoʻysin" deya ochiq tahdid qilgan edi.
AQSh ham XJSga bosim oʻtkaza boshlagan, ushbu xalqaro tashkilot vakillariga taʼsir qilish dastaklaridan foydalanishni vaʼda bergan.
Taʼkidlash kerak, XJS oʻtgan yili Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berganida olqishlagan AQSh, Isroilga kelganda XJSning xolis va oqilona qaror qabul qilishiga shubha bildira boshladi.
