platina.uz
Jamiyat

Sud sobiq tergovchi ishi boʻyicha prokuratura talabini rad etdi

Chilonzor tumani IIO FMB sobiq tergovchisi dastlab 2,5 yilga qamalib, soʻngra reabilitatsiya qilingan. 

Sud sobiq tergovchi ishi boʻyicha prokuratura talabini rad etdi

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha taftish instansiyasida 2,5 yil muddatga qamalgan va soʻngra reabilitatsiya qilingan tergovchiga oid ish koʻrib chiqildi. Taftish instatsiyasi ajrimi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, Chilonzor tumani IIO FMB TBning sobiq tergovchisi JKning 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga JKning 45,59,61-moddalari tartibida, uzil-kesil 3 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sobiq tergovchi oʻzganing mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritish maqsadida 2022 yil 5 mart kuni fuqaro N.Yakubovadan 10.900.250 soʻmlik 1000 AQSh dollari miqdorida pullarni olgan vaqtida prokuratura xodimlari tomonidan ushlangan. U fuqaro Sh.Zayniddinovga nisbatan JKning 229-moddasi 1-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha yetkazilgan moddiy zarar toʻliq qaytarilganligidan xabar topib, N.Yakubovaga yuqori rahbariyat orqali jinoyat ishini qonun doirasida ijobiy hal qilish va uni jinoiy javobgarlikka tortmaslikni vaʼda qilib, aldagan.

Sudlanuvchi shuningdek, boshqa fuqarodan jinoiy ish doirasida zararni qoplash uchun toʻlangan jami 1.000 AQSh dollarini qabul qilib, Toshkent shahar IIBB moliya- xoʻjalik boʻlimiga topshirmagan. U mablagʻni oʻzi bilan birga ishlab kelgan Chilonzor tumani IIO FMB TB tergovchisi F.I.Oga qarzga berib yuborib, mansab mavqeini suiisteʼmol qilib, 1.000 AQSh dollarini rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 22 iyundagi hukmi bilan sudlanuvchi reabilitatsiya qilingan.

Toshkent shahar prokurorining oʻrinbosari Z.Karayev taftish tartibidagi protestda, apellyatsiya sudi tomonidan ish holatlari toʻliq oʻrganmasdan ishni bir tomonlama koʻrib chiqqanligi, har bir jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipiga rioya etilmay ayblanuvchi asossiz ravishda reabilitatsiya qilingan deb hisoblagan. Prokuror Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi hukmini bekor qilib, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2022 yil 26 oktabrdagi hukmini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻragan.

Sud ish boʻyicha toʻplangan dalillar sobiq tergovchini aybdor deb topish uchun yetarli emasligi va qoʻshimcha dalillarni toʻplash imkoniyati qolmaganligi, shuningdek, ayblanuvchining harakatlari natijasida biror-bir jiddiy oqibat yuz bermaganligi sababli prokuror protestini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid