Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Turkiyaga boradi
Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishi oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi rahbari Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 6 iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Tashrif doirasida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishi oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari oʻrin olgan.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, "yashil" energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari koʻrib chiqiladi. Xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi, Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari boʻyicha qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan birinchi qoʻshma uchrashuvini oʻtkazadilar.