platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda tirik kishilarga yodgorlik oʻrnatish taqiqlandi

Davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklar Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan oʻrnatiladi.

Oʻzbekistonda tirik kishilarga yodgorlik oʻrnatish taqiqlandi

Oʻzbekistonda hali tirik boʻlgan insonlarga yodgorliklar oʻrnatish taqiqlandi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida monumental yodgorliklarni oʻrnatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 312-son qarori aytiladi.

Hujjat bilan davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarni oʻrnatish boʻyicha hukumat ekspert komissiyasi tuzilmoqda. Uning vazifalari:

- davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarni oʻrnatish, olib tashlash (koʻchirish) toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish va ularning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida asoslantirilgan takliflar tayyorlash va xulosalar berish;

- Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida oʻrnatiladigan davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarning loyihalarini gʻoiviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan koʻrib chiqish, oʻtkazilgan tanlovlar asosida saralab olish, zarur hollarda oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar berish;

- davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklar loyihalari konsepsiyasini gʻoyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan koʻrib chiqish va xulosa berish;

- davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarni oʻrnatish, koʻchirish va olib tashlash boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish masalalarini manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda koʻrib chiqish va xulosalar berish va boshqalar.

Oʻzbekiston Respublikasida monumental yodgorliklarni oʻrnatish va olib tashlash (koʻchirish) tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklar Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan oʻrnatiladi.

Davlat va jamoat tashkilotlarining mahalliy ahamiyatga molik monumental yodgorliklarni oʻrnatish toʻgʻrisidagi takliflari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga kiritiladi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan holda qaror qabul qilinadi.

Monumental yodgorliklarni oʻrnatishdan oldin tegishli sohadagi NNT va mehnat jamoalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.

Monumental yodgorliklarning loyihalarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi huzurida badiiy ekspertlar kengashi tuziladi.

Oʻzbekiston hududida shaxslarning hayot vaqtida xotirasini abadiylashtirishga va ularning sharafiga monumental yodgorliklar oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Monumental yodgorliklarni yaratish va oʻrnatish ishlarini moliyalashtirish manbalari Vazirlar Mahkamasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari qarorlari bilan belgilanadi.

Podrobneye: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/monumental_edgorliklarni_urnatish_tartibi_uzgartirildi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid