Eksklyuziv huquqlari bekor qilingan kompaniyalar roʻyxati eʼlon qilindi

Ular orasida “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻztreyd” AJ,  “UzGasTrade” AJ va boshqa korxonalar bor. 

Iqtisod
4-iyun, 9:42
Eksklyuziv huquqlari bekor qilingan kompaniyalar roʻyxati eʼlon qilindi

Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik yoʻlida ayrim kompaniyalarning ekszklyuziv huquqlarini cheklash boʻyicha farmonni imzoladi. 

Farmonga koʻra, qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilindi:

a) 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

- “Oʻzmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;

- “Oʻzikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;

- “Oʻztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bugʻdoyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sugʻurtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;

- “Oʻzkimyoimpeks” MChJning “Oʻzkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo 
va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;

b) 2026 yil 1 iyuldan boshlab:

- “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish boʻyicha yagona operator sifatidagi huquqi;

- “Oʻzenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

- qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi;

- mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga toʻliq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga oʻz tijorat ehtiyojlari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish huquqi beriladi.

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024 yil 1 sentabrga qadar qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024 yil 1 oktabrga qadar axborot va milliy xavfsizlikning toʻliq taʼminlanishini nazarda tutgan holda telekommunikatsiya operatorlarining sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga oʻz tijorat ehtiyojlari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro Internet kanallarini tashkil etish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+