Subsidiyaga ajratilgan pullar nega toʻliq ishlatilmayapti?
Iqtisodiyot va moliya vaziri byurokratik toʻsiqlar borligini istisno qilmagan holda ushbu holatga oydinlik kiritdi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov ajratilgan subsidiyalar toʻliq ishlatilmayotgani haqidagi savolga javob berayotib, tizimda maʼlum darajada byurokratiya mavjudligini aytdi.
Qonunchilik palatasi deputati Dilbarxon Mamajonova Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ipoteka krediti subsidiyalari yuzasidan savol bergan.
Deputatning aytishicha, 2023 yil davomida fuqarolarga jami 1,6 trln. soʻm subsidiya toʻlab berilishi rejalashtirilgan. May oyidan dekabrgacha esa 329 mingdan oshiq fuqaro subsidiya asosida ipoteka krediti uchun ariza topshirgan. Lekin arizachilaring bor-yoʻgʻi 30 ming nafariga ijobiy xulosalar taqdim etilgan. Arizachilarning 15 ming nafariga 1,1 trln. soʻm subsidiya toʻlab berilgan (jami ariza topshirganlarning 5 foizi). Xoʻsh, nega uy-joyga talab keskin oshayotgan bir paytda subsidiya mablagʻlari toʻliq oʻzlashtirilmayapti?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi qariyb 500 mlrd. soʻm mablagʻ nega oʻzlashtirilmaganini izohladi. Unga koʻra, subsidiyalarni tumanlardagi komissiyalar ham tekshiradi. Jumladan, oʻtgan yilgi arizalarning 190 ming yaqini yetarli ball toʻplamagan, yana 90 ming kishining esa nomida uy-joy aniqlangan. Yana 40 mingga yaqinining esa daromadi mavjud boʻlmagan.
Mablagʻlarni samarali sarflash uchun yetti mingga oilaga oʻz uylarida qurilish ishlarini olib borish uchun ipoteka subsidiyalari ajratish koʻzda tutilmoqda. Bunda boshlangʻich badal toʻliq qoplab beriladi.
Vazir Jamshid Qoʻchqorov esa subsidiya ajratishda byurokratiya borligini tan olib, vazirlik bir oyda ichida tizimni optimallatirishini maʼlum qildi. Bu vaqt ichida vazirlik subsidiyalarni toʻliq ishlatish choralarini ishlab chiqadi va 2024 yil 1 iyulgacha Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.