Sobiq MXX binosi atrofidagi koʻp yillik daraxtlar noqonuniy koʻchirildi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Toshkentdagi Sayilgoh koʻchasida (sobiq MXX binosi atrofi) koʻp yillik daraxtlar noqonuniy koʻchirilgani maʼlum boʻldi. Bu haqda Bosh prokuratura bayonotida maʼlum qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda 2024 yilning 16-22 may kunlari Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh koʻchasi, 1-uy manzili boʻyicha hududdagi koʻp yillik daraxtlar koʻchirib olib ketilayotganligi haqida xabarlar tarqalgan.
Mazkur xabarlarga asosan oʻtkazilgan tekshirishda yuqoridagi hududda olib borilayotgan qurilish loyihasi doirasida “M.M.” MChJ tomonidan sogʻlom oʻsib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli koʻp yillik daraxtlar (eman, qaragʻay, aylantus va boshqalar) noqonuniy ravishda koʻchirib olib ketilganligi aniqlandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 464-son Qarori talablariga ziddir.
Mazkur holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy koʻchirgan xoʻjalik yurituvchi subʼekt masʼullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu daraxtlar koʻchirilishi yuzasidan dastlab Ekologiya vazirligi ruxsat bergani aytilgan, ammo bu tasdiqlanmagandi.