Shimoliy Koreya yana janub tomon axlat toʻla sharlarni uchirdi
28 va 29 may kunlari ham xuddi shunday harakat amalga oshirilgandi. Bu Janubiy Koreyaning shimollik faollarga yordam yuborganiga javob ekani aytilmoqda.

1-2 iyun kunlari Shimoliy Koreyadan uchib ketgan 700 ga yaqin havo sharlari Janubiy Koreyaning turli hududlaridan topildi. Bu haqda Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasi xabar berdi. Taʼkidlash kerakki, bu harakat bir hafta ichida ikkinchi marta takrorlanmoqda.
Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaga havo sharlari uchirilishi va boshqa provokatsiyalar tufayli tez orada "chidab boʻlmas" javob choralarini koʻrishini aytdi.
Balonlarga sigaret qoldiqlari, mato parchalari, makulaturalar bogʻlangan, ammo xavfli moddalar topilmagan. Jamoatchilik vakillariga ehtiyot boʻlish va shimoldan kelgani taxmin qilingan narsalarga tegmaslik tavsiya etildi. Jabrlanganlar va vayronagarchiliklar haqida maʼlumotlar yoʻq.
Sharlarni yoʻq qilish uchun kimyoviy portlovchi moddalarni tozalovchi tezkor guruhlar yuborildi. Harbiylarning aytishicha, sharlarga turli xil axlat va goʻng solingan, ammo kimyoviy, biologik yoki radioaktiv moddalar kabi xavfli moddalar yoʻq. Baʼzi sharlar taymer bilan topilgan, bu ular sumkalarni havoda ochish uchun moʻljallanganligini koʻrsatadi.
Bu harakatga yaqinda Janubiy Koreya aktivistlarining shimolliklarga pul, Kim Chen Inning tuzumiga qarshi daʼvatlar yozilgan varaqalar, oziq-ovqat va K-pop musiqalari yuklangan xotira kartalarini yuborgani sabab qilib koʻrsatlyapti.
Janubiy Koreya milliy xavfsizlik direktori Chang Xo-jinning aytishicha, favqulodda yigʻilishda yuqori lavozimli amaldorlar Shimoliy Koreyaga qarshi "chidab boʻlmas" choralar koʻrishga qaror qilishgan va Shimoliy Koreyaning havo sharlari kompaniyasini "normal mamlakat qilmaydigan bemaʼni, mantiqsiz provokatsion harakatlar" deb atadi. U Pxenyanni Janubiy Koreyada "muammo va tartibsizliklar" keltirib chiqarishni maqsad qilganlikda aybladi.
Keyinroq Shimoliy Koreya janubga havo sharlarini yuborishni vaqtincha toʻxtatib qoʻyishini maʼlum qildi, deya xabar bermoqda Koreya telegraf agentligi mamlakat mudofaa vaziri oʻrinbosari bayonotiga tayanib. Agar Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaga qarshi varaqalarni boshqa yoʻl bilan yuborsa, Pxenyan bu harakatni qayta boshlaydi, deya qoʻshimcha qildi u.
Eslatib oʻtamiz, avval ham Shimoliy Koreya janubga axlat toʻldirilgan havo sharlarini uchirgandi. Shuningdek, bir haftacha avval KXDRning josus sunʼiy yoʻldoshini kosmosga olib chiqayotgan raketa portlab ketgandi. Bu Yaponiya, Janubiy Koreya va AQShning noroziligiga sabab boʻldi.