"Buxoro tajribasi": viloyat faollari aholiga murojaat yoʻlladi
Aytilishicha, Buxoroda ilk bora yuqori sinf oʻquvchilariga darsdan soʻng korxona va tashkilotlarda kasb-hunarni oʻrganish hamda oylik ish haqi evaziga ishlash amaliyoti joriy etiladi.

Buxoro viloyati xalq deputatlari, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari, tadbirkorlar hamda agroklaster egalari viloyat aholisiga murojaat yoʻlladi.
Unda asosiy masala sifatida “Buxoro tajribasi” koʻrilgan. Viloyatda rasman 55,5 ming nafar fuqaro ishsiz deb qayd etilgan boʻlsa, bu oyda yana 21,5 ming bitiruvchilar mehnat bozoriga kirib keladi.
2024 yil boshida hududdagi 238 ming aholining daromadi past boʻlib, kambagʻallik darajasi 11,8 foizni tashkil etgan.
Xususan, yil boshida 54 mingdan ziyod kambagʻal oila roʻyxatga olingan boʻlib, shu davrga qadar amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida ularning 26 mingga yaqinini kambagʻallik darajasidan chiqarishga erishildi.
"Bu borada viloyatda 209 395 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ishlab chiqilgan va xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar kengashlari sessiyalarida tasdiqlangan rejalarning ijrosini taʼminlash dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, viloyatimizdagi 544 ta mahallaning drayveridan kelib chiqib, shakllantirilgan 1 300 ga yaqin loyihalarni ishga tushirish, ishlatilmasdan turgan 3,2 mln. gektar yer maydonidan samarali foydalanishni taʼminlash, ip-kalavani qayta ishlashni 57 foizdan 85 foizga olib chiqish, eksportni hozirgi 140 mln.dan 570 mln. dollarga oshirish ustuvor vazifamizdir" deyiladi murojaatda.
Buxoroda 103 ming 800 nafarga yaqin kishi uzoq muddatga xorijiy davlatlarga ketgan boʻlib, olib borilgan keng koʻlamli targʻibot ishlari natijasida ularning 25 mingdan ortigʻi oʻz oilalari bagʻriga qaytib kelishgan.
Ilk marotaba joriy yildan boshlab viloyatda 548 ta umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilariga darsdan soʻng korxona va tashkilotlarda kasb-hunarni oʻrganish hamda oylik ish haqi evaziga ishlash amaliyoti joriy etiladi.