Saudiya bayrogʻi oʻzgaradimi?
Bayroqdagi kalima olib tashlanib, mamlakatning ismi arab va ingliz tillarida yozib qoʻyilishi haqida koʻplab xabarlar tarqalmoqda.

Oxirgi paytlarda ayrim Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda (ayniqsa Facebook) “Saudiya Arabistoni podshohligi davlat bayrogʻini oʻzgartirmoqchi”, degan mazmundagi xabarlar paydo boʻldi.
Mish-mishlar kimdan chiqdi?
Mualliflarning ishontirishicha, Saudiya Arabistoni davlat bayrogʻidagi “tayyiba kalimasi”ni (“La ilaha illallohu Muhammadur rasulullohi”, arabcha – “Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad uning rasulidir”) olib tashlashni rejalashtiryapti. Turli buyumlarga bu bayroq tushirilishi islom shiori boʻlgan soʻzlarni tahqirlash hisoblanishini bois, shunday yoʻl tutilayotgan emish.
Aslida bu mish-mish 2022 yilda tarqala boshlagan va ora-sira turli mualliflar tomonidan bilib yoki bilmasdan yana repost qilib turiladi.
Xususan, Bangladeshning Banglanews24.com onlayn axborot portalida 2022 yil 6 fevralda “Kalimai Tayyiba Saudiya Arabistoni bayrogʻidan olib tashlanadi” sarlavhali maqola chop etilgan. Bu axborot Facebook’da repost qilingan boʻlib, 5 mln.dan ziyod koʻrilgan.
Maqolada aytilishicha, goʻyoki Saudiya hukumati milliy bayroq va madhiyani oʻzgartirishga qaror qilgan. Bayroqdagi kalima olib tashlanib, mamlakatning ismi arab va ingliz tillarida yozib qoʻyiladi.
Bu oʻzgarishlar Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning “2030 yil Saudiyaga nazar” dasturi loyihasida amalga oshirmoqchi boʻlgan gʻoyasi, deyiladi maqolada. (Aslida bu dastur mamlakatning neftga qaramligini kamaytirish, iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, infrastruktura, rekreatsion soha va turizm tizimini rivojlantirishga qaratilgan – tahr.)
Goʻyoki Saudiya Arabistonining matbuot agentligi – SPA’ning xabar qilishicha, Saudiya Shoʻro kengashi bu gʻoyani qoʻllab ovoz bergan emish.
“Faktcheking” natijalari
Bu xabar “faktcheking” filtridan oʻtkazilganida, yolgʻonligi maʼlum boʻlgan. Xususan, France Press axborot agentligining faktlarni tekshirish xizmati saytida bu masala atroflicha tekshirilgan.
AFP’ning yozishicha, bu xabarlar notoʻgʻri! Ular tayangan Saudiya davlat ommaviy axborot vositalarida bayroqning shakliga emas, undan foydalanish tartibiga oʻzgartirish kiritish loyihasi haqida xabar berilgan.
Saudiya Arabistonining Shoʻro kengashi 2022 yil 31 yanvarda bayroqning dizayni emas, balki undan foydalanish qoidalarini qayta koʻrib chiqishni koʻzda tutuvchi qonunga oʻzgartirish kiritish loyihasini maʼqullagan.
“Saudiya Arabistonining Shoʻro kengashi dushanba kuni koʻpchilik ovoz bilan davlat bayrogʻi, gerbi va madhiyasi haqidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritish loyihasini maʼqulladi, lekin ularning shakli va mazmuniga emas”, deya xabar bergan Saudi Gazette nashri.
Maqolada aytilishicha, taklif etilayotgan oʻzgartirishlar bayroq, gerb va davlat madhiyasidan toʻgʻri foydalanishni belgilash, “bayroq va madhiyaning ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish hamda bayroqni tahqirlash, unga putur yetkazish yoki eʼtiborsizlikdan himoya qilish”ga qaratilgan.
SPA’ning 31 yanvardagi xabariga koʻra, qonunga oʻzgartirish kiritish loyihasi kengash tomonidan maʼqullangan, bunda bayroqdan islomiy kalima olib tashlanishi haqidagi notoʻgʻri daʼvolar yoʻq.
The Associated Press axborot agentligi, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarining xabarlariga iqtibos keltirgan holda, oʻzgarishlar bayroq dizayniga taʼsir qilmaganini xabar qilgan.
“Yaqin Sharq” gazetasi Asharq Al-Awsat ham shunday deb yozdi: “Oʻzgartirish bayroq, gerb va milliy madhiya tizimi bilan cheklanadi, ularning mazmuni va shakliga hech qanday oʻzgartirish kiritilmaydi”.
Saudiya Arabistonining “Bayroq toʻgʻrisida”gi qonunining joriy talqini tekshirilganida ham hech qanday oʻzgarishlar aniqlanmadi.
AFP, shuningdek, Saudiya Arabistoni oliy maslahat organi – Shoʻro kengashining bayroq dizaynini oʻzgartirishni taklif qilgani haqida ham hech qanday rasmiy xabarlarni topmagan.
Alohida eʼtibor talab qiluvchi oʻziga xos bayroq
Qayd etish joiz, Saudiya Arabistoni podshohligining hozirgi bayrogʻi va madhiyasi Qirolning 1973 yil 15 martdagi farmoni bilan qabul qilingan. Unda yashil matoga oq rangda “Tayyiba” kalimasi va uning ostida qilich surati tushirilgan.

Caudiya Arabistoni davlat bayrogʻi. AFP/FayezNureldine
Bu bayroq va uning qoʻllanilish tartibi boshqa davlatlarnikidan farq qiladi. Masalan, bayroqdagi islomiy kalima har ikki tarafdan ham bir xil oʻqilishi uchun yozuvli ikki parcha mato birlashtirib tikiladi.
Shuningdek, Saudiya bayrogʻi hech qachon pastga tushirilmaydi, hatto motam paytlarida ham.

Saudiya Arabistoni bayrogʻi hech qachon pastga tushirilmaydi.
Qonunga koʻra, Saudiya bayrogʻi doim toza va dazmollangan holda boʻlishi lozim. Uni turli hayvonlar yoki islomda harom hisoblangan buyum va harakatlarda qoʻllash mumkin emas.
Bu kalima musulmonlar uchun muqaddas boʻlgani bois, mazkur bayroqni kiyimlar, poyabzallar, reklama mahsulotlari va boshqa buyumlarga tushirish taqiqlanadi.
Hatto 2002 yilda FIFA futbol boʻyicha jahon chempionati qatnashchilarining bayroqlari suratini futbol toʻpiga tushirganida, Saudiya bayrogʻi ham aks ettirilgani katta mojaroga sabab boʻlgan edi. Saudiya mulozimlari muqaddas kalima yozilgan koptokni odamlar tepib yurishi nomaqbul ish, deya eʼtiroz bildirishgan.
Bundan tashqari, 2007 yilda AQSh harbiylari afgʻonistonlik bolalarga vertolyotdan turli oʻyinchoqlar, jumladan, Saudiya bayrogʻi tushirilgan koptoklarni tashlaganida norozilik namoyishlariga sabab boʻlgan edi.
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.