platina.uz
Jahon

Rossiyalik mashhur deputat va olim vafot etdi

Artur Chilingarov ilmiy-siyosiy faoliyati sabab toʻkin hayot kechirgan. U intervyularidan birida “Qutbchi sifatida topgan boyligim umrimning oxirigacha yetadi” degandi. 

Rossiyalik mashhur deputat va olim vafot etdi

Rossiya Davlat dumasi deputati, qutb tadqiqotchisi Artur Chilingarov 84 yoshida vafot etdi.

Matbuot xizmatining keltirishicha, Parlament quyi palatasining raisi Vyacheslav Volodin Chilingarov har qanday sohada, jumladan, qonun ijodkorligida ham muammolarni samarali hal qilganini taʼkidlagan. Chilingarov birinchi chaqiriqdan boshlab Davlat Dumasiga saylangan, parlament quyi palatasida faqat bir chaqiriq ishlamagan xolos.

Tinib-tinchimas tadqiqotchi

Chilingarov 1939 yil 25 sentabrda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida arman millatiga mansub Nikolay Chilingarov oilasida tugʻilgan. 1963 yilda Admiral Stepan Makarov nomidagi Leningrad oliy dengiz muhandislik maktabining Arktika fakultetini (hozirgi Admiral S. O. Makarov nomidagi Davlat dengiz va daryo floti universiteti) okean muhandisligi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.

Geografiya fanlari doktori. Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi (2008). “SSSR qahramoni” (1986) va “Rossiya Federatsiyasi qahramoni” (2008) oliy mukofotlari hamda koʻplab orden va medallar sohibi.

Marhum olim qutb ekspeditsiyalarining tashkilotchisi boʻlgan. Xususan, u “Sibir” atom muzyorar kemasida Shimoliy qutbga uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya rahbari, Il-76 samolyotining Antarktidaga transkontinental parvozi rahbari boʻlgan.

Olim 1986 yilda Chernobil AESda yuz bergan avariya oqibatlarini bartaraf etishda ham qatnashgan.

“Abadiy” deputat

Artur Chilingarov siyosatga 1990-yillarda kirib kelgan edi. U 1991-1993 yillarda RSFSR Oliy Kengashi raisi Ruslan Xasbulatovning Arktika va Antarktika masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlgan. 1993 yildan 2011 yilgacha Davlat Dumasining 1-5-chaqiriq deputati, 2002 yildan esa "Yagona Rossiya" fraksiyasi aʼzosi boʻlgan. 2011 yilning noyabridan 2014 yilning iyuligacha parlamentda Tula viloyatidan senator boʻlgan.

U 2016 yilda yana Davlat Dumasiga qaytib kelgan. 7-8- chaqiriq deputati etib saylangan, “Yagona Rossiya” fraksiyasi aʼzosi boʻlgan.

Artur Chilingarov parlament quyi palatasining eng keksa deputatlaridan biri edi.

Qonun ijodkorligi

Chilingarov 1993 yildan 2021 yilgacha Davlat Dumasi deputati sifatida 77 ta qonunchilik tashabbusi va federal qonunlar loyihalariga qoʻshimchalar muallifi boʻlgan.

Olim deputat Davlat Dumasida Rossiyada fuqarolik huquqlarini cheklash va jazolarni kuchaytirish bilan bogʻliq koʻplab qonun loyihalari uchun ovoz bergan.

Federatsiya Kengashi aʼzosi sifatida Qrimning bosib olinishi va Rossiya qoʻshinlarining Ukrainaga kirishini maʼqullagan.

Artur Chilingarov mulkni musodara qilish va Amerikaga qarshi sanksiyalar toʻgʻrisidagi qonunlarning hammuallifi boʻlgan.

2012 yil 26 dekabrda Chilingarov rossiyalik yetim bolalarni AQSh fuqarolari tomonidan asrab olinishini taqiqlash uchun ovoz bergan.

Urush tarafdori va sanksiyalar nishoni

Olim Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida oʻtkazilgan “soxta referendumlar” va “Ukraina hududlarini Rossiya bosqinchi kuchlari tomonidan qoʻshib olinishi”ga javoban 2022 yil 30 sentabrda AQSh sanksiyalari roʻyxatiga kiritilgan. AQSh Davlat departamentining taʼkidlashicha, qonunchilar bir ovozdan “soxta yangiliklar toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilgan va ayrim qonunchilar urush haqida Rossiya dezinformatsiyasini tarqatishda muhim rol oʻynagan.

Artur Chilingarov 2023 yil 23 fevralda Kanadaning “rejim hamkorlari” sanksiyalari roʻyxatiga kiritilgan. Chunki olim “Ukrainaning toʻrtta viloyatini bosib olish va qoʻshib olishga urinish bilan bogʻliq qonunlar uchun ovoz bergan”. Shu kabi sabablarga koʻra, u Ukraina va Yangi Zelandiyaning sanksiyalar roʻyxatiga ham kiritilgan.

Intiho

Chilingarov 2024 yil 1 iyunda Moskvada, uzoq va ogʻir xastalikdan soʻng 85 yoshida vafot etdi. Moskvadagi Novodeviche qabristoniga dafn etildi.

Chilingarovning vafoti munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham taʼziya izhor qildi.

Meros

Artur Chilingarov ilmiy-siyosiy faoliyati ortidan toʻkin hayot kechirgan. Bir necha yil avval bergan intervyularidan birida “Qutbchi sifatida topgan boyligim umrimning oxirigacha yetadi” degan edi.

Chilingarov va uning xotini Tatyana Chilingarovadan bir oʻgʻil va bir qiz qolgan.

Olimning farzandlari ham otalarining obroʻsidan foydalanib katta moliyaviy muvaffaqiyatlarga erishgan.

Oʻgʻli Nikolay (1974 yilda tugʻilgan) – bir necha kompaniyalarning sohibi boʻlib, ularning eng mashhuri “Sever Spets Grupp” neft quduqlarini kavlash korxonasi hisoblanadi.

Qizi Kseniya (1982 yilda tugʻilgan) "Arctic Explorer" premium klassdagi qishki kiyimlar brendining hamsohibi.

Chilingarovga tirikligidayoq haykal oʻrnatilgan: Sankt-Peterburg shahridagi Moskva gʻalaba xiyoboniga olimning byusti oʻrnatilgan. Shuningdek, Rossiya pochtasi olimga bagʻishlab koʻplab tematik pochta markalari chop etilgan.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid