"Ashxobod" bogʻi direktori, oʻrinbosari va reklama masʼuli 15 sutkaga qamaldi

Bogʻda tekinga 20 000 ta oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqidagi xabar sabab katta tiqilinch va tartibsizli kelib chiqqan. 

Jamiyat
2-iyun, 12:06
"Ashxobod" bogʻi direktori, oʻrinbosari va reklama masʼuli 15 sutkaga qamaldi

Toshkentda "Ashxobod" bogʻi direktori, oʻrinbosari va reklama boʻlimi boshligʻi 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi. 

1 iyun kuni soat 12.00 da Toshkent shahridagi "Ashxobod" koʻngil ochar bogʻida tekinga 20 000 ta oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bogʻ maʼmuriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan. 

Biroq, bir vaqtning oʻzida oʻyinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 000 nafar fuqarolarni bogʻ hududida jamlashning imkoni boʻlmasligi, yoʻl harakati va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni oʻtkazmaslik haqida bogʻ rahbariyati ogohlantirilgan. 

"Lekin bogʻ maʼmuriyati ommaviy tadbirlarni oʻtkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga oʻyinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bogʻ hududida va uning atrofida  aholini ommaviy ravishda toʻplanishiga sababchi boʻlgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tugʻdirgan.

 Natijada bogʻ hududidiga kirish/chiqish va ayrim ichki yoʻnalishlarida tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi va yaqin avtomobil yoʻnalishlarida tirbandliklar yuzaga keldi" deyiladi xabarda.

 Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning saʼy harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bogʻ direktori 1981 yilda tugʻilgan A.N., direktor oʻrinbosari 1987 yilda tugʻilgan A.Z., reklama boʻlimi boshligʻi 1994 yilda tugʻilgan D.T.larga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 185 prim.3, 200 prim.1, 201-moddalariga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 

Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi Qarori talablari asosida ommaviy tadbirni oʻtkazishga ruxsat olish uchun bir oy oldin murojaat qilish lozim. 

Ruxsat berilmagan ommaviy  tadbirni oʻtkazish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+